Turkiya - Samarqandning eng yirik sarmoyadori

Turkiya O‘zbekistonning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan va yillar davomida har tomonlama ishonchli hamkor hamda eng katta sarmoyador bo‘lib kelmoqda.

Bu ishonch turizm, madaniyat, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda bu ikki xalq o‘rtasida iqtisodiy loyihalar birgalikda amalga oshirilib, yurtimizda turk tadbirkorlari sarmoyasida yangi korxonalar ishga tushirilmoqda.

Xususan, viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, viloyatimizda Turkiya kompaniyalarining kapitali ishtirokida jami 115 ta, shundan 68 ta qo‘shma korxona hamda 47 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Samarqand shahridagi bir nechta tibbiy xizmat ko‘rsatish, gilam, tekstil mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, Urgut tumanida maishiy texnika, Past Darg‘om tumanida sendvich panel ishlab chiqarish korxonalari Turkiya sarmoyasida tashkil etilgan.

2021 yilda 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Turkiya davlatidan jami 33,9 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘i o‘zlashtirildi.

Joriy yil davlat investitsiya Dasturiga muvofiq viloyatda Turkiya davlati bilan hamkorlikda 6 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

2022 yil yanvar-oktyabr oylarida Turkiya davlatidan jami 12,1 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘i o‘zlashtirildi.  Xususan, Urgut tumanida gigiyenik vositalar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 3,4 million dollar sarmoya jalb etildi.

Viloyatimiz hamda Turkiya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘nalishida o‘tgan 2021 yilda jami 156,3 million dollarlik mahsulotlar eksport va importi amalga oshirildi. Shundan eksport

42,2 million dollar va import 113,9 million dollarni tashkil etdi. Turkiya davlatiga qilingan eksport tovarlari asosan ip-kalava, meva-sabzavot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2022 yilning yanvar-oktyabr oylarida esa Turkiya   davlati bilan tovar aylanmasi 242,5 million dollarni tashkil etib, shundan 190 million dollar import hamda 52,5 million dollar eksport amalga oshirildi.