Turon yo‘lbarsi, gepard, turkman quloni, Orol sulaymon balig‘i nega yo‘qoldi?
O‘zbekiston tabiatining biologik va landshaftlar xilma-xilligi milliy boyligimizning ajralmas qismi. Bu boylik bir necha ming yillik evolyusiya davomida yuzaga kelgan hamda ajdodlarimiz tomonidan bizga qoldirilgan ulkan merosdir. Zimmamizda bu merosni avlodlarga xilma-xil va barqaror tizim ko‘rinishida qoldirishdek ulkan va mas’uliyatli vazifa turibdi.
2017 yil sentyabrda BMTning 72-sessiyasida Prezidentimiz tarixda birinchi bor, BMT oliy minbarida Orol dengizining xaritasini butun jahon hamjamiyatiga ko‘rsatib, muammoning nechog‘li chuqur va naqadar murakkabligini ochib berdi. Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishga da’vat etdi. Orol havzasida bioxilma-xillikni saqlashga alohida e’tibor qaratildi.
2021 yil 18 mayda BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taklif qilingan maxsus rezolyusiya bir ovozdan qabul qilindi. Qarorni 60 ga yaqin davlat ma’qulladi. Ushbu rezolyusiyada Orol dengizi hududini o‘simlik va hayvonot olami bioxilma-xilligini muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Respublika faunasi juda qadimiy bo‘lib, u murakkab genetik rishtalar bilan bog‘langan. Bu o‘lkada Turon va Turkiston endemik va avtoxton turlarining ahamiyati katta. Shu bilan birga tarixiy o‘tmishda bu yerga boshqa o‘lkalaridan Markaziy Osiyodan, Hindi-Xitoydan, O‘rta Yer dengizi atroflaridan, Yevro Osiyo cho‘llaridan kirib kelgan hayvon guruhlarining ham muayyan o‘rni mavjud. Faunaning bir qismi esa Uzoq Sharq, Kavkazorti, Yevropa va Amerikadan olib kelib iqlimlashtirilgan yoki tasodifan kelib qolgan turlardan iborat. Umuman olganda, zamonaviy O‘zbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 688 turi (sutemizuvchilar - 105, qushlar - 441, sudralib yuruvchilar - 60, amfibiyalar - 3 va baliqlar - 76) mavjud, umurtqasiz hayvonlar turlari esa 15 mingdan ortiq.
So‘nggi o‘n yillikda tabiatdan foydalanishning kuchayishi oqibatida, O‘zbekistondagi ko‘plab hayvon turlari kuchli antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni birmuncha qisqardi, ba’zilari esa butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ayniqsa, ov ob’yektlari sifatida katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sutemizuvchilar va qushlarning yirik turlari, shuningdek inson tomonidan ayovsiz o‘zlashtirilayotgan, tashqi ta’sirga unchalik chidamli bo‘lmagan ekotizimlarning tarqalishi cheklangan va endemik turlari xavf ostida qoldi. Jumladan, turon yo‘lbarsi, gepard, turkman quloni, Orol sulaymon balig‘i kabi hayvonlar umuman yo‘q bo‘lib ketdi. Qoplon, sirtlon, yo‘rg‘a tuvaloq, Sirdaryo va Amudaryoning kichik va katta kurakburunlari, Orol bakrisi kabilari - yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Ustyurt va Buxoro qo‘ylari, morxo‘r, qoraquloq, O‘rta Osiyo qunduzi, oqbosh o‘rdak, vishildoq oqqush, marmar churrak, yo‘rg‘a tuvaloq, oqbovur, xentog‘ to‘garakboshi, Farg‘ona targ‘il kaltakesakchasi, Orol mo‘ylabdori, cho‘rtansifat oqqayroq, ayrim mollyuska va hasharotlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan. Ko‘plab hayvon turlarining soni hozirda tanglik poyonida bo‘lmasa-da, lekin uzluksiz kamayib bormoqda. Bularning barchasiga sabab - hududlarning xo‘jalik maqsadlarida o‘zlashtirilishi, atrof-muhitning ifloslanishi, biologik resurslardan me’yorsiz foydalanishdir. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi asosini sug‘oriladigan dehqonchilik tashkil etadi. Oxirgi o‘n yilliklar mobaynida sug‘oriladigan maydonlarni kengaytirish maqsadida Mirzacho‘l, Jizzax, Qarshi va Surxon-Sherobod cho‘llari, Farg‘ona vodiysining markaziy qismi, adirlar o‘zlashtirildi. Sug‘orish tufayli o‘zlashtirilgan hududlarda ekologik vaziyat tubdan o‘zgardi. Bunday sharoitga moslasha olmagan ko‘plab cho‘l hayvonlarining soni keskin kamayib ketdi. Jayron, yo‘rg‘a tuvaloq va boshqa hayvon turlari areallarining qisqarishi - buning yorqin dalilidir. Tekisliklardagi yirik daryolar o‘zanlaridagi o‘zgarishlarni ham shular jumlasiga kiritish mumkin. To‘qayzorlarning aksariyat qismi kesib tashlanishi hamda suv rejimining o‘zgarishi tufayli tabiiy muhitda o‘zgarish yuz berdi. Yirik gidroinshootlarning qurilishi, Orol dengizi suv sathining pasayib ketishi va suvining o‘ta sho‘rlanishi sababli uning tub ixtiofaunasi turlar soni qisqardi, qisqichbaqasimonlar va mollyuskalarning ko‘plab endemik turlari yo‘q bo‘lib ketish holatiga kelib qoldi. Daryolar oqimining sun’iy tartiblanishi, yirik suv omborlari va irrigatsiya tizimlarining qurilishi, daryolarning yuqori qismlarida suvni tog‘-kon sanoati ehtiyojlari uchun olinishi, suv havzalarining ifloslanishi, chetdan keltirilgan baliq turlarining salbiy ta’siri-mahalliy ixtio va malakofaunalarning yashashiga tahdid solmoqda. Janubiy Orolbo‘yida ekologik sharoitning o‘zgarishi oqibatida Amudaryo deltasida qachonlardir vishildoq oqqush, pushti va jingalak saqoqqush, qorabuzov va boshqa kamyob qushlar makoni hamda ornitologik nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan botqoqliklar bugunda o‘z mohiyatini yo‘qotdi. Tog‘-kon sanoatining rivojlanishi, daraxt va butalarning kesilishi va chorvachilikda yaylovlardan haddan tashqari keng foydalanish natijasidagi yerlarning nurashi, rekreatsiya faoliyatining uyg‘unlanishi tog‘ ekotizimlarining o‘zgarishi va ko‘plab umurtqasiz hayvonlarning lokal yashash joylari yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Biologik xilma-xillikni saqlab qolish borasida bir qancha jiddiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Respublikada tashkil qilingan oltita tog‘ (Hisor, Zomin, Kitob, Nurota, Surxon, Chotqol), uchta cho‘l-to‘qay (Qizilqum, Baday-To‘qay, Zarafshon) qo‘riqxonalari, ikkita milliy bog‘ (Zomin, Ugom-Chotqol), to‘qqizta buyurtmaxona (Arnasoy, Dengizko‘l, Qoraqir, Qarnabcho‘l, Qo‘shrabod, Muborak, Nurobad, Oqtau, Sayg‘oqli, Sudoche) va ikkita tabiiy yodgorlikdan (Vardonze, Yozyovon) iborat ekologik tarmoq hayvonot olamining majmuiy muhofazasiga va uning resurslaridan barqaror foydalanishga xizmat qilmoqda. Nafaqat respublikamizda balki butun mintaqada yagona, kamyob hayvonlarni ko‘paytirish, ularni saqlash va reintroduksiya qilish bilan shug‘ullanuvchi "Jayron" ekomarkazi ham muhofaza qilinadigan hudud maqomiga ega. Respublika qo‘riqxonalarida «Qizil kitob»ga kiritilgan Buxoro bug‘usi, morxo‘r, Qizilqum arxari, ko‘k sug‘ur, Turkiston silovsini kabi hayvonlar, yirik yirtqich qushlar va hasharotlar muhofaza ostiga olingan. Kamyob va yo‘q bo‘lib ketayotgan hayvonlarni yarim tutqinlik sharoitida ko‘paytirish, ularni saqlab qolish va sonini tiklash istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Bu sohadagi muhim amaliy odimlardan biri “Kamyob hayvonlar turlarini ko‘paytirish respublika “Jayron” ekomarkazi” (Buxoro viloyati) olib borayotgan izlanishlardir. Bu yerda respublika «Qizil kitob»iga va xalqaro Qizil ro‘yxatlariga kiritilgan jayron, Buxoro qo‘yi, morxo‘r, qulon, Prjevalskiy oti kabi turlarni ko‘paytirish va qo‘riqlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan yo‘rg‘a tuvaloqni sun’iy sharoitlarda ko‘paytirish va keyinchalik yovvoyi tabiatga chiqarishishlari Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi bir qator hayvonlar ko‘paytiriladigan joylarda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi Konvensiyaga (1995) qo‘shilib, xalqaro hamjamiyat oldida o‘zining milliy biologik resurslarini muhofaza qilish uchun javobgarligini e’lon qildi. O‘zbekistonning bu boradagi keyingi qadamlari - 1997 yilda “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risida”gi (CITES), 1998 yilda “Ko‘chib yuruvchi hayvonlar turlarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi (Bonn-CMS), 2001 yilda “Xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‘lgan suv-botqoqli joylar to‘g‘risida"gi (Ramsar (WI) Konvensiyalarini imzolashi bo‘ldi. Bonn konvensiyasi doirasida qushlarning kamyob va yo‘q bo‘lib ketish turlarini muhofaza qilish bo‘yicha "Ingichka tumshuqli balchiqchi yuzasidagi hamfikrlik to‘g‘risidagi Memorandum" va "Oq turnani muhofaza qilish yuzasidagi hamfikrlik to‘g‘risidagi Memorandum" (1998), "Afrika-Yevroosiyoning suvda suzuvchi ko‘chmanchi suv-botqoqli qushlarni muhofaza qilish bo‘yicha Bitim" (AEWA) (2003), "Buxoro bug‘usi (Cervus elaphus bactrianus)ni saqlash va tiklash masalalari bo‘yicha hamfikrlik to‘g‘risida memorandum" (2002), "Oq quyruq kiyik (Saiga tatarica tatarica)ni muhofaza qilish, tiklash va barqaror foydalanish yuzasidagi hamfikrlik to‘g‘risida memorandum" (2006) kabi xalqaro bitimlar imzolandi.
Atrof-muhitni ekologik jihatdan sog‘lomlashtirish jarayonlarini uyg‘unlashtirish va biologik resurslarni muhofaza qilish maqsadida "O‘zbekiston Respublikasining biologik xilma-xilligini saqlashning milliy strategiyasi va harakat rejasi" (1998) ishlab chiqilgan. «Qizil kitob»ni yuritish mazkur strategiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi harakatning navbatdagi bosqichidir. “Qizil kitob” hayvonot olamini saqlash sohasidagi muhim milliy ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy davlat xujjati bo‘libgina qolmasdan balki Respublikamizning xalqaro konvensiya va bitimlarni qabul qilish paytida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning ifodasi hamdir. Dunyodagi yo‘q bo‘lib ketayotgan hayvon turlariga bag‘ishlangan dastlabki maxsus kitoblar 1945 yildan nashr qilina boshlagan. Lekin global “Qizil kitob”ni hamda kamyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi hayvon turlari ro‘yxatini tuzish va yuritishning ilk g‘oyasi 1948 yilda tashkil etilgan.
Husniddin Boymurodov,
Samarqand davlat universiteti biologiya fanlari doktori, professor.