Uch ming odam Registondan teatrgacha ommaviy yurish qildi

Samarqand shahrida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi tashabbusligida 15 may - “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan ommaviy yurish tashkil etildi.

Viloyat hokimligi, kasaba uyushmasi kengashi, jismoniy tarbiya va sport hamda xalq ta’limi boshqarmalari va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda uch mingdan ortiq oilalar, tashkilot va muassasalar xodimlari, mahallalar faollari qatnashdi. Ular belgilangan Registon maydoni oldidan, viloyat musiqali drama teatri oldigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan bir nechta oilaga va qatnashchilarga oiladagi tinchlik va totuvlik, barkamol avlodni, yetuk farzandlarni tarbiyalash, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik tamoyillariga erishishdagi oqilona xizmatlari bilan Vatan oila osoyishtaligini saqlashdagi faollligi uchun tashakkurnoma va oila ensiklopediyasi berildi. 

– Bugungi tadbir salomatligimizga foydali bo‘lishi bilan birga ma’naviy ozuqa ham berdi, – deydi tadbir g‘olibi, Samarqand shahrining Xo‘ja soat mahallasida yashovchi Hasan Abduqodirov. – Shuningdek, ommaviy yurish boshqa oila a’zolari bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratdi. Kasbim o‘qituvchi, asli qashqadaryolikman, talabalikdan Samarqandga mehrim tushgan. Bugungidek ommaviy sport va bayram tadbirlarga doim qatnashib kelaman. Shu sabab bo‘lsa kerak, oilam bilan boshqa ishtirokchilardan oldin finishga yetib keldik.

Husan Eltoyev.