Ommaviy yurish yaxshi, lekin bu paytda boshqalar to‘xtab qolmasligi kerak

Bundan bir oycha avval yumush bilan Samarqand shahriga kelgandim. Panjikent ko‘chasidan Registon maydoniga yaqinlashgach, bu yo‘l bulvargacha yopiqligi, qandaydir sport musobaqasi o‘tkazilayotganini aytishdi. Ortga qaytib, bir necha kilometr masofani aylanib shaharga kirdim.

O‘tgan hafta shanba kuni ertalab esa Bo‘stonsaroy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarining ma’lum qismi yopiq ekan – marafon o‘tkazilibdi. Yana boshqa ko‘chalardan aylanib, belgilangan manzilga yetib bordim. Samarqandda o‘zi shu Registon, Bo‘stonsaroy, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari boshqa yo‘llarga qaraganda biroz tekis va yurishga qulay. Rudakiy ko‘chasiga mana ikki yildirki yurib bo‘lmaydi, goh u yeri, goh bu yeri kovlanadi. Shuning uchun tez-tez yopib qo‘yiladi.

Sport tadbirlari o‘tkazilishi yaxshi, lekin bunday tadbirlarni istirohat bog‘larida yoki sport maydonlarida o‘tkazsa ham bo‘ladi-ku. Shaharning barcha ko‘chalari transport vositalari yurishiga yaroqli bo‘lib, bir nechta yo‘llarimiz bo‘lganda-ku mayli edi, ayrimlarini yopib, shunday ommaviy tadbirlar o‘tkazilsa. Foydalanishga yaroqli, tunu kun avtomobillar bilan to‘la sanoqligina yo‘llarimiz bor. Shularni ham tez-tez yopib, tadbir o‘tkazilishini tushunish qiyin.

J.Sharipov.