“Yangi nafas”: Pastdarg‘omlik sportchilar bu yilgi musobaqada ham g‘olib bo‘ldi
«Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida havaskorlar o‘rtasida an’anaviy “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi.
Unda besh ming nafardan ziyod ishtirokchi 3 kilometr masofaga yugurdi.
O‘tgan yilgi musobaqada ham g‘olib bo‘lgan pastdarg‘omlik sportchi Komil Fozilov marra chizig‘ini yana birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Yana bir pastdarg‘omlik sportchi Temur Ahmatullayev ikkinchi, oqdaryolik Namozbek Bobomurodov uchinchi o‘rinni egalladi.
Qizlar o‘rtasida ham 1-o‘rinni pastdarg‘omlik Elnoza Mahmarayimova qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar oqdaryolik sportchilar Farangiz Abdubakirova hamda Sabrina Omonovaga nasib etdi.
Para sportchilar o‘rtasida oqdaryolik Shohruh Ro‘ziqulov birinchi, toyloqlik sportchilar E’zozbek Omonov va Sunnat Bobomurodov ikkinchi, Urgut tumani vakili Dilbek Tugalov hamda Samarqand tumanidan Ravshan Aliyev uchinchi o‘rinni band etdi.
Qizlar o‘rtasidagi bahsda Samarqand tumanidan Safina Zodayeva mutlaq g‘olib deb topildi.
Shuningdek, musobaqada «Eng keksa ishtirokchi», «Eng yosh ishtirokchi» va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Musobaqa g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.