“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasida pastdarg‘omlik sportchilar g‘olib bo‘ldi

Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz” shiori ostida o‘tkazilgan marafon g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Musobaqa yakuniga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi bahsda birinchi va uchinchi o‘rinlarni pastdarg‘omlik sportchilar Alisher Ahmatillayev va Alisher Saparov qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa Samarqand shahridan Bunyod Muhitdinovga nasib etdi.

Qizlar bahsida marra chizig‘ini pastdarg‘omlik sportchilar Kamola Ablayeva, Farangiz Olimova hamda Elnoza Mahmaochilovalar birin-ketin bosib o‘tdi.

Aytish joizki, pastdarg‘omlik yigit-qizlar “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasining o‘tgan yili va joriy yilda tashkil etilgan bahslarida ketma-ket g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Marafonda  “Eng faol ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi" va “Eng yoshi katta ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida ham g‘oliblar aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.