"Yangi nafas"da yangi nomlar aniqlandi

Yurtimiz bo‘ylab "Bir Vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda - birga yuguramiz" shiori ostida "Yangi nafas" ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Mazkur musobaqada 7 mingga yaqin samarqandlik sportga havasmand yoshlar ham faol qatnashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosarlari R.Qobilov va X.Ochilov ishtirok etib, barchaga omad tiladi.

"Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu ommaviy yugurish musobaqasida ishtirokchilar 3 kilometr masofada o‘zaro bahslashdi.

Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlangan "Olympic day" musobaqasida esa ishtirokchilar 1,61 kilometr  masofaga yugurdi.

"Yangi nafas" musobaqasida Past Darg‘om tumanidagi 1-son sport maktabi tarbiyalanuvchisi Alisher Ahmatillayev 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning qizlar bahsida g‘oliblik Samarqand davlat universiteti talabasi Kamola Ablayevaga nasib etdi.

"Olympic’ day" musobaqasida belgilangan masofani birinchi bo‘lib TATU Samarqand filiali talabasi Alisher Safarov  bosib o‘tdi. Ushbu masofada qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni pastdarg‘omlik Farangiz Alimova qo‘lga kiritdi.

Musobaqalarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Shuningdek, "Eng keksa ishtirokchi", "Eng yosh ishtirokchi", "Eng faol ishtirokchi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.