Voleybol, shaxmat va shashkada samarqandliklar birinchi

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tizimida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich tashkilot xodimlari o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi.

Jizzax, Navoiy, Buxoro va samarqandliklar bahs olib borgan sport tadbiri “11 noyabr - O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan "Sport - salomatlik garovi" shiori ostida tashkil etilgan spartakiadaning II bosqichida ular sportning voleybol, mini futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha Respublika final bosqichiga yo‘llanmasi uchun bellashdilar.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, sportning voleybol turi bo‘yicha birinchi o‘rin mezbonlar egallagan bo‘lsa, mini futbol bo‘yicha Buxoro viloyati jamoasiga teng keladigani topilmadi. Stol tennisi bo‘yicha buxorolik Sardor Hamdamov va Gulnora Sharofova barcha raqiblaridan chaqqon ekanligini ko‘rsatdi.

Shaxmat bellashuvida viloyatimiz vakillari Jasur Mamayusupov hamda Maftuna Arziqulova musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. Shashka bellashuvida ham samarqandliklarning qo‘li baland kelib, Amrillo Abdullayev va Munira Boboyeva respublikada bahs olib boradigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz: birinchi o‘rinni egallagan sportchilar joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Toshket viloyatining Chirchiq shahrida, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport instituti hamda "Bo‘ston" sihatgohi bazalarida bo‘lib o‘tadigan spartakiadaning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Jo‘shqin Ochilov.