Uchta tumanda mast holatda avtomashina boshqarib, YPX xodimiga pora taklif qilgan haydovchilar aniqlangan
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, 16 yanvar kuni soat 23:20larda Kattaqo‘rg‘on tumani ichki yo‘lida xizmat olib borayotgan YPX xodimi "COBALT" rusumli avtomashinani davlat raqam belgisiz hamda tegishli hujjatlarsiz boshqarganini aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Avtomashina esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Shundan keyin YPX xodimi haydovchi U.K. uning oldiga kelib, unga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomani yo‘q qilish hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 400 AQSh dollari taklif qilayotganligini, shu sababli holat bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazib, fuqaro U.K.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur bildirgi yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilib, YPX xodimiga Kattaqo‘rg‘on tumani “Mullakichkina” MFYda joylashgan Samarqand viloyati 4-YPX ma’muriy binosi xizmat xonasida fuqaro U.K. 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash yana bir holat Past Darg‘om va Oqdaryo tumanlarida ham qayd etilgan. Past Darg‘om tumani ichki yo‘llarida spirtli ichimlik ichgan haydovchi YPX xodimiga pora taklif qilgan. Tuman ichki yo‘lida xizmat olib borayotgan 3-YPX xodimi haydovchi O.T. boshqaruvida bo‘lgan "COBALT" rusumli avtomashinasini mast holatda boshqarib kelayotganligini aniqlab, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinasini jarima maydoniga joylashtirgan.
Haydovchi O.T. uning oldiga kelib, bayonnomani yo‘q qilish hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilayotganligini, shu sababli holat bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazib, fuqaro O.T. nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Tezkor tadbirda bu haydovchi ham ushlangan.
9 fevral kuni Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lida xizmat olib borayotgan YPX xodimi haydovchi O.R. boshqaruvida bo‘lgan "COBALT" avtomashinasini mast holatda boshqarib kelayotganligini aniqlab, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinasini jarima maydoniga joylashtirgan.
Shundan so‘ng, haydovchi O.R o‘sha hududda xizmat olib borayotgan YPXB otryad guruh komandirining oldiga kelib, unga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomani yo‘q qilish hamda avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 400 AQSh dollari taklif qilayotganligini, shu sababli holat bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazib, fuqaro O.Rga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haydovchi ham tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Hozirda uchala holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiya holati haqida tegishli tashkilot mas’ullariga xabar bergan xodimlarga tashakkurnoma e’lon qilinib, IIB tomonidan pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgan.