Samarqandda 2021 yilda 41 nafar ayol mast holatda transport vositasini boshqargani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan

O‘qib yoki eshitib, hayron qolasiz-a? Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Tolib Boyzoqov shu ma’lumotlarni aytganda biz ham hayratda qoldik.

Keyingi kunlarda yo‘l harakati qoidalari qat’iy rioya etish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish haqida ko‘p gapirilmoqda. Davlat rahbarining shaxsan o‘zi ushbu masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Samarqand viloyati sudi ham 2021 yilda viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik bilan bog‘liq ishlarni tahlil qilib chiqib, bu haqda ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berdi.

– 2021 yilda viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 3909 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan, – dedi T.Boyzoqov. – Shundan, jinoyat kodeksining 266-moddasi bo‘yicha (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) ko‘rilgan jinoyat ishlari 921 tani tashkil etdi, ya’ni umumiy ishlarning qariyb to‘rtdan bir qismi. Bu ishlar bo‘yicha 937 nafar shaxs sudlandi, 354 ta ayblov va 1 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, 27 nafar shaxsga nisbatan jarima, 196 nafar shaxsga nisbatan axloq tuzatish ishi, 81 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash, 51 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Chiqarilgan ayblov hukmlari bo‘yicha sudlangan barcha shaxslarga haydovchilik huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazolar tayinlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sudlangan shaxslarning 10 nafarini voyaga yetmaganlar, 15 nafarini  ayollar, 457 nafarini yoshlar, 49 nafarini 60 yoshdan oshganlar tashkil qiladi.

Sodir etilgan jinoyatlarning 229 tasi magistral yo‘llarda, 692 tasi tuman, shahar yoki mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi ichki yo‘llarda sodir etilgan. Bu jinoyatlar oqibatida 211 nafar shaxs vafot etgan.

Viloyat sudi raisining o‘rinbosari transport vositasini mast holatda boshqargan shaxslarga nisbatan sudlar tomonidan ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari haqida ham ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, o‘tgan yil 4969 nafar shaxsga nisbatan shu toifadagi ishlar ko‘rilgan. Jumladan, 41 nafar xotin-qiz mast holatda transport vositasini boshqargani uchun sud qarori bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Brifingda sudyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari yo‘l harakati qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Viloyat sudi tomonidan bu borada qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritish, jumladan, mast holatda transport vositasini boshqargan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar bildirilgani aytildi.