Umr o‘tar, vaqt o‘tar
O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon hayot bo‘lganida bugun 80 yoshga to‘lardi.
Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm viloyati Yangibozor tumanida tavallud topgan. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.
Hayoti va faoliyati davomida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bo‘lim mudiri (1969-85), «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir (1985-91), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul xodim (1991-94), O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasida rais o‘rinbosari (1994-99), «Cho‘lpon» nashriyotida direktor (1999-2001), 2001 yildan «Gulxan» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
She’rlari 1965 yildan boshlab e’lon qilina boshlagan. Shoirning «Karvon qo‘ng‘irog‘i», «Quyosh soati», «Yonayotgan daraxt», «Yarador chaqmoq», «Seni yaxshi ko‘raman», «Daraxtlar va giyohlar», «O‘rtamizda birgina olma», «Odamning soyasi quyoshga tushdi», «Qush yo‘li», «Iymon yog‘dusi», «Ardaxiva», «Xoja Ahror ziyoratlari» va boshqa she’riy asarlarida voqelikni nozik his etgan holda badiiy ifodalash, muayyan hodisadan favqulodda falsafiy xulosalar chiqarish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muhit koloritiga mos ifodalar topish tamoyili ustuvorlik qiladi.
Omon Matjon lirik she’rlar bilan birga lirik qissa va dramatik doston janrlarida ham ijod qilib, Xorazm xalq afsonalarining o‘ziga xos badiiy talqini — «Haqqush qichqirig‘i» she’rlar kitobini, istiqlol arafasidagi sho‘rolar mamlakati hayotining ziddiyatli manzaralari va jarohatlari tasviriga bag‘ishlangan «Gaplashadigan vaqtlar» qissasini, shuningdek, o‘zbek xalqining Xorazmdan chiqqan buyuk siymolari haqidagi «Pahlavon Mahmud», «Beruniy» dramatik dostonlarini yaratgan.
Shu kabi asarlari uchun 1989 yilda Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
Omon Matjon 2005 yilda O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev, ijodkor Minhojiddin Mirzo bilan birga Samarqand shahriga, aniqrog‘i, “Zarafshon” tahririyatiga kelgan edi (suratda). Ushbu ijodiy uchrashuvda o‘zining yangi she’rlaridan o‘qib, fikrlarini bildirgandi:
- Gazeta nomining “Zarafshon” deb atalishi bejiz emas. Zarafshon daryo sifatida yuksak cho‘qqilardagi, musaffo buloqlardagi suvlarni jamlab, voha hayotiga jon bag‘ishlaydi. “Zarafshon” gazeta sifatida voha ahlining aql-shuuriga, qalbiga nur, ziyo, ilm-ma’rifat, yangiliklar, olam go‘zalliklarini olib kiradi. Niyatimiz gazetaning bu olijanob maqsadi kelgusida ham bardavom bo‘lsin. Aytishlaricha, gazetaning shu kungacha 22 mingdan ortiq soni chiqib, mushtariylar qo‘liga yetib boribdi. Bu degani gazeta shu vaqt ichida bir necha millionlab, milliardlab insonlar qalbidan joy olganini, uning har bir dilda o‘chmas ziyosi borligini ko‘rsatadi.
Omon Matjon 2020 yil 29 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etdi.
***
Umr o‘tar...
Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar,taxt o‘tar,
Omad o‘tar,baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring,sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring,holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring,pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring,o‘sha kelishlaring…
***
“Zarafshon”dek elga nur taratguvchi ziyosi bor!
Do‘stlar, Samarqand degan so‘zning teran ma’nosi bor,
Chun Maroqand haqda har gapning qadim dunyosi bor.
Bul zaminning kechmishi Afrosiyob birlan buyuk,
Toleinda ham Turon, ham Sug‘diyon imlosi bor.
Bul tavorix sahv o‘lur, yodlanmasa buyuk Temur,
Bir qo‘linda tig‘ uning, lek ko‘ksida ziyosi bor.
Chun bu mulkni poyidor etti Ulug‘bek shavkati,
To bugun el yodida yulduz sevar Mirzosi bor.
Chorladi ustoz Abdullays Mir Alisherni buyon,
Bundakim nazm ahlining Jomiy kabi peshvosi bor.
Tegdi Bobur ko‘ksiga bunda Zarafshondin nasim,
To bobo maskanga mangu tug‘rosi bor...
Kezdilar bu bog‘ aro ustoz Olimjon — nuri pok,
Yonida buzruk nasab Ayniy kabi domlosi bor.
Shoir Uyg‘un, Mirtemir, Asqad al-Muxtor, yana
Nazmro‘y Fayziy, yana shirin zabon Yahyosi bor.
Bunda Mo‘minzodalar nomi xazon bo‘lmay yashar,
Orif Ikrom o‘g‘lining mangu ruh afzosi bor.
Bunda Hamdam Berdiyor, Jo‘rayu, Botir Vali,
Qosim o‘g‘li Akbaru Mahmud Amin donosi bor.
Navqalam sardoridur Nuriddinu Saydullolar,
Barchasiga rahnamo Vohid Abdullosi bor.
Ko‘p zamonlar o‘tsa ham ahli zako qolgay buyuk,
Bul salaflar boshida oti Sharof siymosi bor.
Do‘stlar! Yaxshi niyat — ustozlar aylandi yod,
Chun alarning behudud obi hayot daryosi bor.
Barchasi haqda so‘z aylamoq fursati yetsa agar,
“Zarafshon”dek elga nur taratguvchi ziyosi bor!