Urgut tumani innovatsion hududga aylantirilishi mumkin

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari “Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish” loyihasini ishlab chiqdi.

Vazirlik mas’ul xodimlari Samarqand viloyatida bo‘lib, mazkur loyiha taqdimotini o‘tkazdi.

Tadbirda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Qozog‘istonning “AlmaU” Almati menejment universiteti rektori Yerbol Suleymenov ishtirok etdi.

Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi, xususan, dorivor va texnik o‘simliklarni yetishtirish, yo‘l qurilishi, elektrotexnika, avtomobilsozlik sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish takliflari berildi.

Urgut tumanidagi 760 gektar yer maydonini dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha taklif muhokama qilindi. Urug‘ yetishtirish va seleksiya qilish yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish uchun laboratoriya va zavod qurish zarurati bor. Mazkur zavod 400 tonna urug‘, 4000 litr yog‘, 1500 tonna tola, 7500 tonna poya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Qozog‘istonlik rektor Yerbol Suleymenov 2000 nafar talabani o‘qitish imkoniyatini beradigan universitet filialini ochish taklifini ilgari surdi. Unda yoshlarga bakalavriat, magistratura va MBA bosqichlarida menejment, muhandislik menejmenti, tadbirkorlik va innovatsiyalar, turizm sohasida bilim berish rejalashtirilgan.

Urgut tumanidagi 143 maktabni har yili 4-5 ming nafar yoshlar bitirishi inobatga olinsa, bu hududdagi yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Inson kapitalining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etishning eng muhim omillaridan biri – yo‘llarning sifatini oshirish maqsadida yo‘l qurilishiga Avstraliya texnologiyasini tatbiq etish taklif etildi.

Agar an’anaviy qurilish ishlari amalga oshirilganida 1 smenada 250 kvadrat metr yo‘l qurilsa, bu texnologiyada 5 ming kvadrat metr yo‘l qurilishiga erishiladi. Yo‘l qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming so‘mdan 50 ming so‘mga qisqaradi. Yo‘ldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yo‘l qurilishining ekologik xavfsizligi ham ta’minlanadi.

Shuningdek, tumanda alkotester, avtomobillar uchun SOS qurilmasi, avtomobil muzlatgichlari, elektron turniket ishlab chiqarish hamda Samarqand viloyati ko‘zi ojizlar jamiyati uchun loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi vakillari Samarqand viloyati hokimiga aqlli shahar konsepsiyasi taqdimotini o‘tkazdi.

Yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish maqsadida “TexnoBus” mobil ta’lim platformasini joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. “TexnoBus” chekka hududlarda yashovchi yoshlarning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarida bilim olishlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda robototexnika, dasturlash, VR/Ar texnologiyalari, qayta tiklanadigan energiya manbalari, 3D protiplash, sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ta’lim beriladi.

Ushbu platforma Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparklarining asosini tashkil etish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirishga qaratilgan.