Urgutda egasi yo‘q kanalizatsiya yoki ko‘chaga oqayotgan qo‘lansa oqovani kim to‘xtatadi?
Yodingizda bo‘lsa, shu yilning 9 iyulida saytimizda "Urgutdagi egasi yo‘q kanalizatsiya yoki ariqda oqayotgan qo‘lansa oqova" sarlavhasi bilan tanqidiy material bergan edik. Maqola chiqqach, bir kun o‘tib, kanalizatsiyaning "egasi" topilgan va maxsus texnikalar olib kelib muammoni hal qilgan edi.
Ammo oradan bir yarim oy o‘tgach, o‘sha hududdagi aholidan aynan kanalizatsiya nosozligi bo‘yicha yana murojaat tushdi. Oldingi safar qo‘lansa oqova katta ko‘chani yoqasidagi kanalizatsiya qudug‘idan oqib chiqib, ko‘cha chetidagi lotok ariq orqali oqib ketgan bo‘lsa, endi qo‘lansa oqova katta ko‘chadan 50 metrcha ichkarida unga yondosh, kichik ko‘chalardan biridan oqib chiqib, ko‘cha bo‘ylab tarqalib, undan anqiyotgan qo‘lansa hid atrof-muhitni bulg‘amoqda.
Murojaatni o‘rganish maqsadida joyida holatni o‘rgandik. Haqiqatan ham Urgut shahridagi ko‘pqavatli uyning yaqinidan qo‘lansa oqova buloqday bo‘lib chiqyapti va ko‘cha bo‘ylab ko‘lmaklar hosil qilib, ko‘chaning qarama-qarshi tarafidagi katta maydonga oqib tushyapti.
Vaziyatga oydinlik kiritish va ayrim savollarimizga javob olish maqsadida ko‘pqavatli uyga xizmat qiladigan uy-joy kommunal xizmati idorasida bo‘ldik. Shu hududdagi uylarga xizmat ko‘rsatadigan "Zuhra-Sanam» hududiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari Najmiddin Obloqulov idorada yo‘q ekan, boshqa odam kutib oldi. Unga holatni bildirdik. Qizig‘i, bizni kutib olgan odam muammoni na to‘g‘rilaymiz, dedi, na egallab turgan lavozimini aytdi. Ism-sharifini so‘rasam ham o‘zini tanishtirmadi. Ammo shu aniqki, biz uchrashgan odam muammodan xabari bor mutasaddilardan edi…
Noiloj ortga qaytdik. Birozdan so‘ng Urgut tumani hokimligi mutasaddilaridan biri qo‘ng‘iroq qilib "Ertaga «Sharq taronalari» festivali ishtirokchilari konsert qo‘yish uchun tumanimizga kelyapti. Undan keyin Mustaqillik bayrami. Bayram o‘tguncha bu ishni bajarishga hech kimning qo‘li tegmaydi. Bayram o‘tgandan keyin tegishli tashkilot to‘g‘rilab qo‘yadi", dedi.
O‘sha suhbatdan keyin ham ikki hafta o‘tdi. Bu hududga yaqin uylarda yashovchi fuqarolar yana norozi bo‘lib, murojaat qilishdi. Borsam, hanuz avvalgi holat hukmron… Berilgan va’da bajarilmagan.
Qo‘lansa oqova chiqayotgan joyda tor ko‘chaning bir tarafida oziq-ovqat do‘konlari, ikkinchi tarafida oziq-ovqatlar ulgurji sotiladigan bozorcha bor. Qolaversa, ko‘cha tor bo‘lgani bilan shu atrofdagi ko‘p qavatli uylarda, mahallada yashaydigan aholi asosan shu yo‘ldan o‘tib-qaytadi.
Muammo hal qilib bo‘lmas darajada emas. Ozgina e’tibor, hafsala va mehnat qilinsa bas, hal bo‘ladi. Ammo negadir tegishli mutasaddi tashkilotlarda o‘sha e’tibor, hafsala topilmayapti. Oqibatda qo‘lansa oqova suv ko‘chaga yoqib yotibdi.
Urgut tumani kommunal xizmat bo‘limi, shu hududdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkat raisi muammodan xabardor, ammo parvoyi falak.
Yana bir qiziq jihati shuki, oldingi muammoda shu hududdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan «Zuhra-Sanam» hududiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi N.Obloqulov katta ko‘cha yoqasidagi kanalizatsiya quvuri u boshliq bo‘lgan shirkat xizmat qiladigan hududga kirmasligini ma’lum qilgan edi. Bu safar esa qo‘lansa oqova ko‘p qavatli uyga tutash hududdan oqib chiqmoqda. Ammo shu uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkat negadir bu muammoga panja orasidan qarab kelmoqda.
O‘ylaymizki, Urgut tumani hokimligi, tuman kommunal xizmatlar bo‘limi va aynan o‘sha hududdagi ko‘p qavatli uylarga kommunal xizmat ko‘rsatadigan tashkilot muammoga jiddiy e’tibor qaratadi va muammoga barham beradi.
G‘ayrat YO‘LDOSh.