Urgutdagi xonadonlarning birida yuz bergan yong‘in bir soatdan ortiq vaqtda o‘chirildi

Urgut tumanidagi xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar berdi viloyat FVB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 22 noyabr kuni soat 14:13 da «Do‘stlik» mahallasidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 14:19 da yetib borib, yong‘in soat 15:38 da qurshab olingan va 15:55 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida taxminan 150 kvadrat metr maydonda uyning shifti va tom qismi yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.