Urushni targ‘ib qilmang, unga qarshi javobgarlik bor

Urush nimaligini, u qanday oqibatlarga olib kelishini hammamiz yaxshi bilamiz. Urush insoniyat boshiga cheksiz kulfat yog‘diruvchi balodir.
Urush, bu – ikki yoki undan ortiq suveren, mustaqil davlatlar yoki xalqlar orasidagi tashkil qilingan qurolli kurash, qurolli ziddiyatdir.
Urushni targ‘ib qilish uni targ‘ib qiluvchi shaxs tomonidan insonlarning ongiga va irodasiga ularning boshqa suveren davlatga qarshi harbiy harakatlar olib borishga undash, urush e’lon qilish zaruratini tug‘dirish va shunday istakni uyg‘otish maqsadida ta’sir qilishdir.
Buni bejiz aytmayapmiz. Shu kunlarda Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib bormoqda. Bu haqda esa odamlarimiz bilib-bilmay turli fikrlarni, hatto urushni targ‘ib qilishga tortadigan gaplarni ijtimoiy tarmoqlarda bildirmoqda.
Qonunchiligimizda bunday jinoyat uchun jazo belgilangan.
Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 150-moddasiga asosan urushni targ‘ib qilish, ya’ni bir mamlakatni ikkinchi mamlakatga nisbatan qo‘zg‘atish uchun turli shakldagi qarashlar, g‘oyalar yoki chaqiriqlar tarqatish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.