Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddisi tizimdagi kamchiliklar uchun O‘zbekiston aholisidan kechirim so‘radi
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqarma boshlig‘i Rustam Sattorov ko‘p xonadonli uy-joylarda issiqlik va suv ta’minoti borasidagi kamchiliklarni sanab, ularning yechimi yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Ob-havoning 2020 yil noyabr oyidan boshlab sovib ketishi va uning surunkali davom etib turishi bizning barcha kamchiliklarimizni ko‘rsatib berdi. Yetib kelayotgan murojaatlar, jurnalist va blogerlar yoritayotgan masalalar bizning xato va kamchiliklarimizni yaqqol ko‘rsatdi», – degan u 8 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Rustam Sattorovning ta’kidlashicha, vazirlikka ayniqsa issiqlik ta’minoti borasida juda ko‘p murojaatlar kelib tushyapti.
«Haqiqatdan ham, biz qozonxonalarimiz bilan qamrab olgan 23 ming uydan faqat 13 mingtasigagina issiqlik bera olyapmiz xolos. Qolgan 10 mingta uydagi aholining e’tirozlari esa to‘g‘ri», – degan u.
Boshqarma boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda respublikada o‘rnatilgan tartibda ichimlik suvi berilayotgan aholi ko‘rsatkichi 73 foizni tashkil qiladi.
«Shavkat Mirziyoyev sohamiz yuzasidan oxirgi qaroriga qo‘l qo‘yish jarayonida 27 foizni qanday hal qilish bo‘yicha ham bizga yo‘l ochib berdi. Bu – davlat ijtimoiy buyurtmalari.
Buning uchun bizga kerakli mablag‘lar ham ajratib berilgan. Endilikda mana shu ijtimoiy buyurtmalar bilan Farg‘ona, Namangan va Andijonda eksperiment tarzida 15 ming aholiga nodavlat notijorat tashkilotlar orqali ichimlik suvi ta’minotini qilishga harakat qilamiz. Agar 2021 yilda yangi tizim orqali aholiga ichimlik suvi yetkazib bera olsak, 2022 yildan xuddi shu tizimda ishlashga o‘tamiz», – ta’kidlagan Sattorov.
Vazirlik mutasaddisi so‘zlari yakunida brifingdan foydalangan holda, O‘zbekiston xalqidan uzr so‘ragan.
«Brifingdan foydalangan holda, barcha kamchiliklar uchun O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rayman. Biz mana shu kamchiliklardan o‘zimizga qattiq xulosa qilib olamiz. Buni va’da deb qabul qiling», – degan Rustam Sattorov.