Uyni buzish to‘g‘risida hujjatlar MIBga yuborilmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda “Tuman hokimligi bizni va mahallamizdagi yana bir qancha uylarni buzib tashlamoqchi”, degan mazmundagi post va videolavha e’lon qilindi. Ushbu video lavha va post yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga 2020 yil 8 iyulda da’vogar – Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi murojaat qilib, javobgar – Suyunova Mavjuda Eliboyevna tuman zaxirasi hisobida turgan Kattaqo‘rg‘on chorvachilik massivi 395-konturdagi 0,12 ga. yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, ushbu yer maydonida noqonuniy qurilgan 92,30 kvadrat metrdan iborat uy-joylarini buzdirishni so‘ragan.

Xuddi shunday Sharapova Roziya Tashpo‘latovna tomonidan tuman zaxirasi hisobida turgan Kattaqo‘rg‘on chorvachilik massivi 395-konturdagi 0,08 ga. yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilgan 43,0 kvadrat metrdan iborat uy-joylarni buzdirish so‘ralgan.

Oliy sud Rayosatining 2020 yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida “COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq fuqarolarning shaxsiy qabuli to‘xtatib turilganligi, Oliy sudning 2020 yil 12 maydagi “Oliy sud Rayosatining “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida” 2020 yil 20 martdagi RS-13-20-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarorlariga muvofiq yuqoridagi ishlarni ko‘rib chiqish to‘xtatilgan.

Shu bois, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi tomonidan yuqorida qayd etilgan fuqarolarga nisbatan berilgan da’vo arizalari mazmunan ko‘rilmagan va sud tomonidan sud hujjatlari majburiy ijro byurosiga yuborilmaganligi ma’lum qilinadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi.