Samarqandda uy-joyga muhtoj mehribonlik uyi bitiruvchilariga turar joylar ajratiladi
2011-2020 yillarda mehribonlik uylarini bitirgan 211 nafar tarbiyalanuvchilarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi tahlil qilindi. Ularning 72 nafari uy-joyga muhtoj bo‘lib, shundan 32 nafari uy-joylarga biriktirilgan, 40 nafari uy-joyga muhtoj sifatida hisobga olingan. Shuningdek, 3 nafari sodir etgan jinoyati uchun qamoqda, 31 nafari oila qurganligi, 44 nafari chet elga ketganligi aniqlandi.
Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov xalq deputatlari viloyat Kengashining VI chaqiriq XV sessiyasida ma’lum qildi.
Xususan, 2020 yilda mehribonlik uylarini bitirgan 15 nafar tarbiyalanuvchining 2 nafari chin yetim, 2 nafari yarim yetim, 7 nafari ijtimoiy yetim, 4 nafari kam ta’minlangan oila farzandlari bo‘lib, imtiyozga ega bo‘lsa-da, ulardan faqatgina 1 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan. 1 nafari Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan.
Hozirgi kunda ushbu 15 nafar bitiruvchining 9 nafari norasmiy band bo‘lsa, 6 nafari ishsiz, 8 nafari esa uy-joyga muhtoj. Mazkur bitiruvchilarni ish va turar joy bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
2020 yilda Ishtixon tumani Chordara mahallasida yashovchi aka-ukalar Asror va Shohruh To‘raqulovlarga 3 xonali namunaviy uy berilgan.
Urgut tumani Beshkapa qishlog‘ida ijarada yashab kelgan Malika Abduxalimovaga namunaviy qurilgan uylardan ajratildi.
Samarqand shahar hokimligi tomonidan jami 21 nafar mehribonlik uyi bitiruvchilariga, shundan, 3 nafariga bepul, 18 nafariga subsidiya, imtiyozli kredit asosida Qorasuv massividagi Obod maskan mahallasida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan berildi. 3 nafar bitiruvchi ushbu uylarni olishni rad etdi. Bundan tashqari, G‘ulom Karimov ko‘chasida joylashgan hokimlikning yoshlar turar joylaridan 7 nafar bitiruvchiga 6 ta xona ajratildi.
Samarqand shahrida 23 nafar, Past Darg‘om tumanida 5 nafar, Kattaqo‘rg‘on shahrida 3 nafar, Jomboy, Ishtixon, Urgut tumanlarida 2 nafardan, Toyloq, Narpay va Samarqand tumanlarida 1 nafardan bitiruvchilar uy-joy olish uchun navbatga olindi.
Kelgusida bu ishlar davom ettirilib, uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatga olingan bitiruvchilarning qolgan qismiga ham uy-joy ajratish choralari ko‘rib boriladi.