O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, mohir publitsist Sulaymon Husainov 78 yoshida vafot etdi
Sulaymon Husainov 1948 yil 9 may kuni Jomboy tumanining Qo‘ng‘irot mahallasida tavallud topgan.
Uning jurnalistikadagi mehnat faoliyati 1972 yilda tumandagi «Shonli mehnat» (hozirgi «Jomboy tongi») gazetasida musahhih sifatida boshlangan. Keyinchalik kasbiga bo‘lgan mehri, izlanuvchanligi va fidoyiligi tufayli ijodiy yo‘lda yuksalib, 1980 yildan «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida muxbir, so‘ngra bo‘lim mudiri sifatida samarali faoliyat yuritdi.
2004 yildan esa «XXI asr» gazetasining Samarqand viloyatidagi muxbiri, shuningdek, viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari vazifasida mehnat qildi.
Qariyb 45 yillik ijodiy faoliyati davomida Sulaymon Husainov jamiyat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, dolzarb muammolar va inson taqdirlarini qalamga olib, o‘quvchilar ishonchini qozongan publitsist sifatida tanildi. Uning maqolalari hayotiyligi, xolisligi va ta’sirchanligi bilan ajralib turardi.
Ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilib, 2001 yilda unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni berilgan.
Sulaymon Husainovning vafoti mamlakatimiz jurnalistikasi uchun og‘ir yo‘qotishdir. Uning mehnati, boy ijodiy merosi va kasbga sadoqati hamkasblari va shogirdlari xotirasida hamisha saqlanib qoladi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi hamda "Zarafshon" va Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.