Portalda madaniyat sohasi uchun yangi xizmat ochildi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida madaniyat markazlarida qo‘shimcha to‘garak va badiiy havaskorlik jamoalarini tashkil etish uchun onlayn ariza topshirish xizmati joriy etildi.

Endilikda my.gov.uz xizmatidan foydalanib, madaniyat markazlarida qo‘shimcha to‘garak va badiiy havaskorlik jamoalarini tashkil etish uchun onlayn ariza topshirish mumkin.

Mazkur elektron xizmat orqali arizachilar davlat organlariga murojaat qilmasdan, istalgan joydan va qulay vaqtda ariza yuborishlari mumkin. Arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda natijalar haqida xabardor qilish jarayoni elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu esa xizmat ko‘rsatish jarayonining shaffofligi, tezkorligi va qulayligini ta’minlaydi.

Yangi xizmat madaniyat markazlari faoliyatini yanada rivojlantirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish hamda hududlarda yangi to‘garak va badiiy havaskorlik jamoalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.