Vadim Abramov “Dinamo”da qoladi
“Dinamo” professional futbol klubi jamoaning bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan kelishuv uzaytirilganini e’lon qildi.
Abramov oldiga “Dinamo” jamoasini Pro-ligadan Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Bu vazifa uddalangach, klub rahbariyati tajribali mutaxassis bilan shartnomani 2024 yilning oxiriga qadar uzaytirdi.
“Dinamo” jamoasi 2023 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, shartnomasi yakuniga yetgan bir qator futbolchilar bilan xayrlashdi va tarkibga mahalliy klublardan Humoyunmirzo Iminov, Akbarjon Ismatullayev, Anvarjon Fayzullayev kabi yosh futbolchilar olib kelindi.
Ayni paytda jamoa Superliga yangi mavsumiga tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini Toshkentda o‘tkazmoqda. Yig‘in 29 dekabrgacha davom etadi. 17-29 yanvar kunlari esa Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining navbatdagi bosqichi o‘tkaziladi. Yig‘in doirasida “Dinamo” Dubayda Rossiya, Qatar va Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi nazorat uchrashuvlarini o‘tkazadi.