Vaqtimiz nega buncha tez o‘tyapti?
Olimlar “vaqt tez o‘tishi” hodisasini izohlab berdi.
Bolalik va o‘smirlik davrimizda vaqt uzoqroq o‘tardi: darslar zerikarli va uzun, yozgi ta’tillar cheksiz bo‘lib tuyulardi, endi esa vaqt “shamol tezligida” uchib o‘tayotganini tez-tez aytib turamiz. Xo‘sh, nega vaqt buncha tez o‘tib boryapti?
Biologlar odamlar yoshi ulg‘aygan sari ma’lumotlarni turlicha idrok etishi va vaqtni boshqacha his qilishlari haqida gapirib kelishadi. Lekin yoshlar va kattalalarning vaqtni idrok etishdagi tafovutiga aynan nima sabab bo‘la oladi?
Shimoliy Karolina (AQSh) Dyuk universiteti olimi Adrian Bejan odam miyasi qarigan sari ma’lumotlar sekinroq idrok qilinishini tushuntiradi. “Miya kattalashgani sayin, uning sensorli ma’lumotni olib yuruvchi nerv signallari uzoqroq masofani bosib o‘tishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, neyronlarning qarishi aynan shu ma’lumotni uzatish tezligini sekinlashtiradi”, deydi u.
Bejan va uning hamkasblari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot bir xil vaqt oralig‘ida kattalar va keksa odamlar yangi obraz va tasvirlarni o‘smirlar va bolalarga qaraganda kamroq yozib olishini aniqladi.
Qabul qilingan tasvirlar o‘zgarganda ongimiz vaqtni boshqacha qabul qiladi. Taymerdagi signal jiringlagani uchun emas, balki miya boshqacha ishlagani uchun “hozir” “avval”dan farq qiladi”, - tushuntiradi Bejan.
Vaqt qadrsizlanib boradi
Interaktiv vaqt shkalasiga asoslangan yana bir tadqiqot “vaqt inflyasiyaga moyil”ligini ko‘rsatdi.
Shkala faylasuf Pol Janet (1823-1899)ning bayonoti asosida avstriyalik BMW konstruktor maslahatchisi Maksimilian Kiner tomonidan ixtiro qilingan. Sodda qilib aytganda, u shunday eshitiladi: agar butun hayot doimiy (yoki mutlaq) qiymat deb olinsa, 10 yoshga kirgan bola bir yilini butun hayotining 1/10, 50 yoshli odam esa 1/50 qism kabi his qiladi. Agar bola 14 yoshda bo‘lsa, bir yil hayotining taxminan 7 foizini tashkil qiladi va bu juda uzoq muddatga o‘xshaydi.
30 yoshga kirgan kishi uchun bir hafta hayotning kichik bir qismidir, 50 yoshli odam uchun bir yil hayotining atigi 2 foizini tashkil etadi, shuning uchun bu intervallar sub’yektiv ravishda ahamiyatsiz his qilinib, ular juda tez o‘tib ketayotgandek tuyuladi.
Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, biz qanchalik uzoq yashasak, har yilimiz butun hayotimizga nisbatan qisqaroq ko‘rinadi. Demak, agar vaqt bir yil oldingi yilga qaraganda yanada tezroq o‘tayotgandek tuyulsa, siz vaqtda adashmayapsiz, siz ulg‘ayayapsiz, degani.
Shuning uchun, har bir daqiqadan bahramand bo‘ling, chunki keyingi bir necha yil ichida bu quvonchli daqiqalarning yanada tezroq o‘tish ehtimoli baland.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.