Variativ o‘quv reja qanday joriy etiladi?

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan viloyat seminarida ana shu masala yuzasidan fikr almashildi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Unda variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejani tajriba-sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilayotgan umumta’lim maktablari direktorlari, xalq ta’limi bo‘limlari metodistlari ishtirok etdi.

Seminarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida ixtiyoriy ravishda joriy etilayotgan ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish, kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, maktablarda tatbiq etish tartibi ko‘rib chiqildi.

- Bunday muhim jarayonda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, -dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov. - Shu bois har bir ishni maqsadli, samarasini o‘ylab amalga oshirish lozim. Avvalo, ota-onalarning fikrini o‘rganish, ularga variativ o‘quv rejaning nima ekanligini tushuntirish kerak.