Vazirlik va idoralarning vazifalari takrorlanmasligi qanday ta’minlanadi?
Prezident Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat boshqaruvi organlari, ya’ni vazirlik va idoralarning bir-biriga o‘xshash vakolatlarni amalga oshirishi, funksiyalarini takrorlashi, vakolatiga kirmaydigan ishlarni bajarishi bilan islohotlarni ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb alohida uqtirib o‘tdi.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili va aholi bilan muloqot natijalari davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini tashkil etishda islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi jiddiy kamchiliklarning saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi. Shu bois Prezidentimizning 2017 yil 8 sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan tasdiqlangan konsepsiyada ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar) huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qo‘yilmaganligi ularning davlat apparatidagi aniq o‘rni va rolini aniqlash imkonini bermayotgani ko‘rsatildi. Shuningdek, ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularga xos bo‘lmagan funksiyalarning bajarilishi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga olib kelyapti.
Ma’muriy islohotlarni amalga oshirishda vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan. Davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda.
Bir qator idoralarning vazifalari deklarativ xususiyatga egaligi va ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, faqat holatlarni qayd etish va statistikani to‘plashdan iborat bo‘lib qolgan faoliyatni baholashning samarasiz tizimi va bu ko‘pchilik hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmasligi ham qayd etilgan.
Murojaatnomada Hukumatga boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlash vazifasi ko‘rsatilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirish barobarida davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirish ham nazarda tutilgan.
Ma’muriy islohotlarni amalga oshirish jarayonida davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish prinsipi asosida “yuqoridan quyiga” qarab institutsional takomillashtirish talab etiladi. Bunda barcha davlat boshqaruvi organlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilishi, bu idoralar faoliyatini ta’minlaydigan tegishli hujjatlar bevosita Hukumatning o‘zi tomonidan tasdiqlanishi, ularning rahbarlari Parlament tomonidan vazifaga qo‘yilishi izchil davom ettiriladi.
Davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari bir tomonlama, faqat yuqori turuvchi organlarga bo‘ysundirilishi lozim. Ayniqsa, tuman (shahar) darajasidagi idoralarning bir vaqtning o‘zida mahalliy davlat hokimiyati organlariga bo‘ysunishi, joylarda davlat boshqaruvini va ijroni tashkil etishda turlicha yondashuvlarni keltirib chiqarmoqda. Vaholanki, Konstitutsiyamizning 11-moddasida davlat hokimiyat organlarining bo‘linish prinsii qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qonun hujjatlarida belgilanganidek, barcha darajadagi vazirlik va idoralar, ularning hududiy tuzilmalari vazifalarini aniqlashtirish, ularning qonunchilik tartibida qat’iy belgilab qo‘yish, bir-birlari funksiyalarini takrorlamaslik yo‘lida izchil islohotlar davom ettirilishi lozim.
Gulnora Xudoyberdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlari nomzodi.