Venesuela AQSh sanksiyalari ortidan katta miqdorda zarar ko‘rganini ma’lum qildi

Venesuela AQSh tomonidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalar ortidan 130 milliard dollar zarar ko‘rganini ma’lum qildi.
AQSh tomonidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalar ortidan Venesuela 2015-2018 yillar davomida umumiy miqdorda 130 milliard dollar zarar ko‘rgan.
Bu haqda Venesuelaning Rossiyadagi elchisi Karlos Rafael Fariya Tortos ommaviy axborot vositalariga ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘qotilgan mablag‘ 9 yil davomida Venesuela iqtisodini muvofiqlashtirib turish uchun yetarli bo‘lar edi.
Yana elchining ma’lum qilishicha, bu summaga Venesuelaning chet el banklarida saqlangan va bugungi kunda muzlatilgan mablag‘lari kirmaydi.
Elchi Fariya Tortosning ma’lum qilishicha, bugun chet el banklarida Venesuelaning umumiy hisobda 5 milliard 470 million dollar mablag‘i muzlatilgan.
Eng katta summa Portugaliyaning Novo Banko bankida muzlatilgan, 1.5 milliard dollar. Bu bankda Venesuelaning neft kovlab olish kompaniyasi PDVSAning hisob raqami va aktivlari bo‘lgan.
Angliya bankida esa Venesuelaning 1 milliard 323 million dollar mablag‘i oltin ko‘rinishda muzlatilgan.
Buyuk Britaniyaning yana bir banki Clearstream London bankida esa Venesuelaning 517 million dollar mablag‘i, AQShning Citibank bankida 458 million dollar mablag‘i muzlatilgan.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, Venesuelaning chet eldagi mablag‘lari umumiy hisobda dunyoning 17 mamlakatidagi 40 dan oshiq bankida muzlatilgan.