Viloyat emas, tuman deputati oylik oladigan bo‘ladi

Bu masala Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida, aniqrog‘i joriy yilgi Davlat dasturida belgilangan. Qayd qilingan yangilik vazifa may oyigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Belgilanishicha, xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlash tartibi joriy qilinadi. (Ayni paytda 5 tadan shtat birligida Kengash ishini muvofiqlashtiradigan kotibiyatlar faoliyat ko‘rsatyapti.)

Yangi tartib joriy qilinsa, kotibiyatga qo‘shimcha tarzda tuman va shaharlardagi vakillik organlarida ayrim deputatlar uchun doimiy ish joyi tashkil qilinadi.

Ular Oliy Majlis Senatidagi doimiy asosda ishlovchi senatorlar kabi Kengashda ishlaydi. Ya’ni, byudjetdan ish haqi oladi.
(Mehnat qonunchiligida ish haftasi 40 soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan.)

Eslatib o‘tamiz, deputat tegishli hududni rivojlantirish dasturlarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va boshqa bir qancha vakolatlarga ega.