Viloyat hokimi e’tiboridagi mavzu: Kushxonalar talabga javob bermaydi

– O‘rganishlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, viloyatda talabga javob beradigan birorta ham kushxona yo‘q, – dedi E.Turdimov. – Hokimlar qarori bilan ochilgan va qurilgan kushxonalar bugun deyarli faoliyat ko‘rsatmayapti. Qonuniy asosda ishlayotgan tadbirkor katta kredit evaziga zamonaviy uskunalarni olib kelgan, ammo uning faoliyati bilan birorta rahbar qiziqmagan. Natijada keltirilgan uskunalar eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan, kushxona qurgan tadbirkorlar sarflagan mablag‘iga kuyib o‘tiribdi. Qassoblarning o‘z uyidagi kushxonasi talabga javob bermaydi. Chorvani so‘yish, saqlash, yetkazib berish jarayonlarida nazorat bo‘lmagach, veterinariya, sanitariya talablari bajarilmagach, sifatsiz go‘sht mahsulotlari iste’moli sabab aholi salomatligiga zarar yetyapti. Eng yomoni, bu holat birorta mutasaddini jiddiy tashvishga solgani yo‘q. Endi har bir bozor qoshida chorvachilik fermalari tashkil etiladi. Kredit olib, kamida 200 boshdan qoramol boqadi, sanitariya talablariga asosan so‘yadi, saqlaydi va minimal narxda sotuvga chiqaradi.

Yig‘ilishda viloyatdagi bozorlar faoliyatidagi kamchiliklar tanqid qilindi. Jumladan, bozorlarda sotuvchi va xaridor uchun yetarli sharoit yaratilmagani, mahsulotlar antisanitariya sharoitida sotilayotgani, aksariyat bozorlarda belgilanmagan joylarda savdo tashkil etilayotgani keskin tanqid qilindi. Hattoki, ayrim bozorlarda ichimlik suvi va hojatxonaning yo‘qligi, bir martalik patta pullarining qimmat narxda yig‘ilishi va tushumlarning tartibga solinmaganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda bozorlarimizda tartib, tozalik bo‘lishi, sotuvchi va xaridorga qulay sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, qabristonlarni tozalash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimligida monitoring guruhlari tashkil etilishi belgilandi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.