Viloyat hokimining bu haftadagi ish rejasi ma’lum qilindi

Viloyat hokimi haftalik (14-19 iyun kunlari) ish rejasiga muvofiq joriy haftadagi faoliyatini Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida tadbirkorlar bilan uchrashuvdan boshladi.
Shaharsozlik kengashining taklifiga binoan arxitektura va shaharsozlik sohasidagi loyihalarning muhokamasida ishtirok etdi.
Shuningdek, hafta davomida qurilish va arxitektura hamda boshqa bir qator soha mutaxassislari ishtirokida Samarqand shahrida olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan holda muhokamalar o‘tkazadi.
Viloyat hokimining ish rejasida Ishtixon tumani Mitan shaharchasi va Payariq tumanining Nakurt hududidagi mahallalarni obodonlashtirish, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlarni muhokama etish ko‘zda tutilgan.
Bu haftadagi viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarining viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari hamda Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining hisobotini eshitish belgilangan.
Videoselektor shaklida o‘tkaziladigan yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ayollar va yoshlar muammolarini hal etish borasida hududlarda olib borilayotgan ishlar ham tahlil etiladi.
Joriy haftada Qirg‘iz Respublikasi parlamenti rahbari o‘rinbosari, Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi vakillari hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va ombudsmanlarining 4-yig‘ilishi ishtirokchilaridan iborat delegatsiyaning Samarqandga tashrifi ham ko‘zda tutilmoqda.
Viloyat hokimi bu haftada ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarining mas’ullar tomonidan bajarilishini muhokama qilishi, ijro intizomi va boshqa bir qator masalalarni ko‘rib chiqishi belgilangan.