Viloyat Kengashining sessiyasi: Toyloqdagi oilaning bugungi holati uchun mutasaddilarning har biri javob beradi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma beshinchi sesssiyasida viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A. Umarovning hisoboti tinglandi.
Toyloq tumanidan saylangan deputat Lobar Mo‘minova okrugida bir nafar ayol qaynonasi bilan kelishmovchilik yuzasidan murojaat qilayotganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, qaynona kelini ota uyiga ketgan vaqtda o‘g‘lini shar’iy nikoh asosida ikkinchi marta uylantirgan. Oqibatda rasman ajrashmagan kelin arosatda qolmoqda. Biroq mahalla raisi ham, hudud profilaktika inspektori ham voqelikka befarq.
- Bunday holat eng og‘riqli muammomiz, - dedi viloyat hokimi E. Turdimov. - Nega buni deputat biladi, mutasaddilar bilmaydi? Ularning har biri javob berishi kerak.
Tuman hokimining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi nima uchun mahallalarga bormayapti?
Rasmiy nikoh bo‘lmasa-da, qaysi imom shar’iy nikoh o‘qigan? Buning uchun nega javobgarlik choralari ko‘rilmagan?
Sektor rahbarining qo‘lida uyma-uy yurgani haqida katta-katta daftarlarda hisobotlari bor, ammo nega bu muammodan bexabar?