Viloyat sudlari Narpayda sayyor qabul o‘tkazdi

Samarqand viloyat sudi va ma’muriy sudi Narpay tumanidagi 1-maktabda tuman aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari T.Boyzoqov va Z.Allabayev, viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, qolganlari bo‘yicha murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Jumladan, Nog‘oraxona MFYda yashovchi Q.Karimov avval sudlanganligi, hozirda oqlanganligini bayon qildi. Uning sudlanganlik holati farzandlariga zarar bermasligi uchun nima qilish kerakligini so‘radi. Unga amaldagi tartiblar haqida batafsil huquqiy tushuntirish berildi. Ushbu mahallada yashovchi N.Mirodova esa turmush o‘rtog‘ining asosiy kasbi haydovchilik ekanligi, shu kasb ortidan ro‘zg‘or tebratishini bayon qildi. Biroq turmush o‘rtog‘i huquqbuzarlik sodir qilgani uchun ma’lum muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan. Bugungi kunda turmush o‘rtog‘i qilmishidan pushaymon ekanligi, yetarli xulosa chiqargan, oilasining moddiy ahvoli qiyinlashib qolganini inobatga olib, muayyan huquqdan mahrum qilish jazosidan ozod qilishni so‘radi. Murojaatchiga huquqiy tushuntirish berildi.
Qozikent MFY yashovchi S.Ikromov va Ipak yo‘li MFYda yashovchi I.Omonov fermer xo‘jalik raisi ekanligini bildirib, tuman hokimligi tomonidan shartnoma shartlari bajarilmayotganligi bo‘yicha murojaat qildi.
Kattaqo‘rg‘on shahar Kattaqo‘rg‘on MFYdan kelgan L.O‘rolova hamda Narpay tuman Zoir ota MFYda kelgan N.Samadov ishga tiklash va moddiy va ma’naviy zarar undirish masalasida murojaat qilishdi. Ularga qanday harakat qilishi lozimligi aniq-ravshan tushuntirib berildi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan N.Siddiqov, D.Gapparova, S.Ne’matov murojaat qilib, pushaymon bo‘lib tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishi va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganligini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan muddatidan oldin ozod qilishni so‘radi. Ularning har biri bilan alohida suhbat o‘tkazildi. Shu yerning o‘zida sayyor sud tashkil etilib, har bir holat alohida o‘rganib chiqildi. N.Siddiqov va D.Gapparovaning murojaatlar ijobiy hal etildi, S.Ne’matovga huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek, fuqarolar aliment, nikoh, ishga tiklash va boshqa turli masalalarda murojaat qilishdi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi.