Viloyatdagi barcha tuman, shahar hokimlari Paxtachida bo‘ldi

Samarqand viloyatidagi 16 ta tuman va shaharlar hokimlari, 1-sektor rahbarlari va kotiblari hamda tegishli viloyat boshqarmalari mas’ul rahbarlari bugun Paxtachi tumani 1-sektor hududida sektorlar faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga qaratilgan seminarda ishtirok etdi.

Barcha sektor rahbarlari hamda seminar ishtirokchilari erta tongdan Paxtachi tumani hokimligi binosida yig‘ildi, muqaddas Qur’on tilovati va qurbonlik qilindi. Shundan so‘ng, 1-sektor hududida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish kirishildi.
Jumladan, hozirgi kunda aholi tomorqasidan keng foydalanish borasida qilingan ishlarni joylarda ijrosini o‘rganish maqsadida, tumanning “Yobu” mahallasidagi fuqaro Anvar Davlatov hamda “Istiqbol” mahallasidagi Farhod Davlatov xonadonlaridagi tomorqalar faoliyati bilan tanishilib, tomorqadan samarali foydalanish va daromad manbaiga aylantirish orqali oilaning moddiy imkoniyatlarini kengaytirish mumkinligi xonadon egalari tomonidan ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, “Yobu” mahalla markazi binosida mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullarining ishlashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ish jarayonlarni o‘rganildi hamda seminar ishtirokchilarining savollariga mahalla mas’ullari tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birgalikda, hududdagi “Burqut” mahallasida tashkil topgan “Burqut issiqxona kompleksi”dagi “Ziyovuddin Invest Textile” MChJning “Issiqxona tashkil etish” loyiha issiqxonasi, “Faktor lyuks Ruxshona" zamonaviy uzumzor loyihasi, “Paxtachi aholi tomorqa xizmat" loyihalari faoliyati o‘rganildi.

Bundan tashqari, tumanning “Qo‘shxovuz” mahallasida tashkil etilgan oilaviy tikuvchilik sexlarining ish faoliyati, yaratilgan shart-sharoitlar va mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan yaqindan suhbat o‘tkazildi.

Shu yerning o‘zida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “Qo‘shxovuz” mahallasida joylashgan mahalla tibbiyot punkti faoliyati va mahalla fuqarolarining salomatligini muhofaza qilish uchun yaratilgan sharoitlar, birlamchi yordam, tez tibbiy yordam va birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Seminar yakunida barcha ishtirokchilar 1-sektor shtabi, sektor a’zolarining faoliyati bilan batafsil tanishib, sektorda tashkil etilgan ish jarayoni va aholi murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Seminar yakuni bo‘yicha bildirilgan takliflar asosida Paxtachi tumani 1-sektorining amaliy ish tajribasini viloyatning boshqa hududlaridagi sektorlar faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.