Virus bahona vijdonini pullayotganlar qonun oldida javob beradi

Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi zarur tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ya’ni, boshqarma va bo‘limlar xodimlari tomonidan “COVID-19” kasalligini davolashga tavsiya qilingan dori-darmon vositalarining dorixona hamda uning filiallaridan tashqarida sifati kafolatlanmagan holda, qimmat narxlarda sotilishi yuzasidan doimiy ravishda reydlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, joriy yil 27 oktyabr kuni departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan Gagarin ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.G. COVID-19 kasalligini davolashda tavsiya etilgan “Remdesivir” dori vositasining har bir donasini 800 ming so‘mdan sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tadbir davomida 9 million 600 ming so‘mga sotilgan 12 dona “Remdesivir” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, shu kuni viloyat boshqarmasi va Bulung‘ur tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi, 56-uy yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yana bir ustamonning faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Tadbirda Samarqand tumani Badal mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Sh. COVID-19 kasalligini davolashda tavsiya etilgan, har qutisida 120 dona tabletkali "Kurantil N25" dori vositasining har bir qutisini 300 ming so‘mdan hisoblab sotayotgan vaqtda ushlangan.

Ashyoviy dalil sifatida 15 million so‘mga sotilgan 50 quti "Kurantil N25" tabletkalari hujjatlashtirib olingan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati.