Samarqand xalqaro aeroportida sifati kafolatlanmagan dorilarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol jarimaga tortildi

Samarqand xalqaro aeroportiga “Samarqand-Istambul” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro X.Z. “qizil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida, bagaj sumkasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va sifati kafolatlanmagan 7 turdagi qiymati 23 mln. so‘mga yaqin dori vositalarini yashirib o‘tayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra mazkur dori vositalari Davlat reyestriga kiritilmaganligi, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitlariga amal qilinmaganligi sababli ushbu dori vositalarini mamlakatimiz hududida tashish, sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlangan.

Sudning qarori bilan huquqbuzar X.Z. nisbatan jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan dori vositalari tegishli tartibda yo‘q qilingan.