Dori vositalarining kontrafakt nusxasi noqonuniy sotuvga chiqarilgani aniqlandi
Samarqandda “VOBENZIM” hamda “WOBENZYM” nomli dori mahsulotlari huquq egasining roziligisiz kontrafakt nusxalari sotilayotgan bo‘lgan.
Mazkur dori vositalari “MUKOS Farma GmbX i Ko. KG” kompaniyasiga tegishli.
Qayd etish lozim, qonunchilikka ko‘ra, tovar va xizmat ko‘rsatish belgisining egasi undan foydalanish va tasarruf etish mutlaq huquqiga ega.
Tovar va xizmat ko‘rsatish belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish hisoblanadi.
Holat bo‘yicha viloyat adliya boshqarmasi kompaniya rahbariyati tomonidan kelib tushgan murojaatdan kelib chiqib, kontrafakt mahsulot sotayotgan MChJ rahbariyatiga taqdimnoma kiritdi. Natijada “VOBENZIM” hamda “WOBENZYM” nomli dori vositalarining kontrafakt nusxalari savdodan olib tashlanishiga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, Tovar va xizmat ko‘rsatish belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovardan qonunga xilof ravishda foydalanish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.