Samarqandda 370 million so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi

2-12 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi IIV va Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi erkak va ayol katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va boshqa viloyatlardagi tanishlariga, sotayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.

2 iyul kuni Samarqand-Toshkent yo‘nalishida “Epika” avtomashinasida Samarqand shahriga kelgan shaxs maxsus xaridorga 560 dona “Regapen” va 100 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 56 000 000 so‘m pul evaziga sotganida, mazkur harakatlar tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Tezkor kombinatsiyalar davom ettirilib, 12 iyul kuni soat 4:00larda Bulung‘ur tumanida joylashgan YPX maskanida, “Epika” avtomashinasi to‘xtatib, tekshirilgan. Uning yukxonasidagi 2 dona qutidagi  idishlar ichiga yashirilgan 2 800 dona “Regapen 300 mg”, 896 dona “Gerika 300 mg”, 140 dona “Tropikamid”, jami 3 836 dona umumiy bahosi 322 200 000 so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan.

Shuningdek 1988 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahar, Yangihayot tumanida vaqtincha yashovchi ayol ushlangan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida noqonuniy muomaladan salkam 368 mln. so‘mlik 4 256 dona “Pregabalin” va 280 dona “Tropikamid”, jami 4 536 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olingan.