Samarqand va Farg‘onada sifati kafolatlanmagan hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarining savdosi aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Past Darg‘om tumanida yashovchi shaxs Xitoyda ishlab chiqarilgan 3600 dona “S-Gen” nomli dori vositalarini 46 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, undan mazkur dorilarning go‘yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi soxta muvofiqlik sertifikati ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bundan tashqari, uning yashash xonadonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 240 dona “ViVaNarin” nomli dori vositasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro umumiy qiymati 121 mln. 800 ming so‘mlik, 2400 dona “Ampitsillin”, 1600 dona “Infera”, 1600 dona “Ferrovell jeleza gidroksid saxarozniy kompleks” va 125 dona “Gonadotropin xorionicheskiy” nomli dori vositalarini Namangan shahridagi dorixonalarga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur shaxs muqaddam shu turdagi jinoyatni sodir etganligi uchun 2023 yil Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 165-1-moddasi bilan jarima jazosiga tortilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dorilar – dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reyestriga ro‘yxatga olinmaganligi hamda Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitiga amal qilinmaganligi bois, ularni respublika hududida sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.