Xitoy Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara joyida maxsus baza quradi

Xitoy Tojikiston ichki ishlar vazirligi uchun Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati (TBAV) ning Vaxon darasida qiymati qariyb 8,9 million dollarlik maxsus baza quradi. Uni qurish bo‘yicha kelishuv loyihasi 27 oktyabr kuni respublika parlamenti tomonidan qabul qilindi, deb xabar beradi “RIA Novosti” muxbiri.

“Xitoy Xalq Respublikasi Tojikiston ichki ishlar vazirligi va Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, qiymati 100 million somoniy (qariyb 8,9 million dollar)lik baza quradi. Bu haqda parlament quyi palatasi deputatlariga Tojikiston huquq-tartibot idorasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Abdurahmon Alamshozoda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, baza TBAVning Ishkashim viloyati Vaxon darasida Tojikiston IIV Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining tezkor harakat guruhi uchun quriladi. “Kelishuvga muvofiq, baza qurilishi davomida Xitoydan Tojikistonga olib kelinadigan barcha jihozlar soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi”, dedi Alamshozoda.

Loyiha doirasida 12 ta bino, jumladan, ma’muriy bino, yotoqxona, oshxona, Tojikiston xavfsizlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolari yashashi uchun binolar, suv ombori va ikkita kuzatuv minorasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Majmuaning umumiy maydoni 3550 kvadrat metrni tashkil qiladi.