Xitoy va Eron rahbarlari ShHT sammiti doirasida davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 14-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Prezident matbuot kotibi Sh.Asadov ishtirokida Samarqandda o‘tkazilgan brifingda bu haqda ma’lum qilindi.
Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand shahridagi sammiti doirasida tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilarining muzokaralari kun tartibidan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Prezidentimizning taklifiga binoan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ham 14-16 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.