Xorazmdan maktub: Xivaliklar o‘z shoirini yod etishdi

Avaz O‘tar ijodiy merosi, badiiyat gulshanining sara durdonalari bilan tanish bo‘lmagan kitobxon kam bo‘lsa kerak. Keskir tili, go‘zal uslubi, ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan sayqallangan shoir fikrati asrlar oshsa -da she’riyat muxlislarining, adabiyot ahlining sevimli mutolaa manbaidir.

Avaz O‘tar 1884 yil avgustda Xiva shahrida tavallud topgan. Shoir tavalludi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi, Ogahiy ijod maktabi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida "Ma’rifatparvar shoirni yodlab" xotira tadbiri tashkil etildi.

Otabek Ismoilov, Shoira Shams, Begi Do‘st, Madina Matyoqubova kabi shoir va adabiyotshunoslar hamda she’riyat ixlosmandlari ko‘hna va maftunkor Xiva bag‘ridagi shoir haykali qoshida jam bo‘ldilar. Shoir xotirasi yodlanib, haykal poyiga gullar qo‘yildi.

Adabiyotshunos Madina Matyoqubova Avaz O‘tar ijodiy merosining badiiy va ilmiy talqinlari, tadqiqotlar va adabiyotimiz uchun nechog‘lik muhim ahamiyati haqida so‘zladi. Otabek Ismoilov Avaz she’riyatining badiiy g‘oyalari, ilm -ma’rifat targ‘iboti o‘chog‘i sifatida xizmat qilishini ta’kidladi. Begi Do‘st va Shoira Shams Avaz O‘tar iste’dodining o‘ziga xos jihatlari haqida fikr bildirdi, g‘azallaridan o‘qidi.