Xorij xabarlari: Kiyev Rossiya bilan qanday sharoitda muzokara olib borishi aytildi. Isroil askarlari Jenindan chiqdi

🔹 Bayden ma’muriyati Ukrainaga ajratilgan 6 milliard dollardan ortiq harbiy yordamni 30 sentyabrgacha ishlatishga ruxsat berish uchun Kongress bilan shoshilinch muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek Buyuk Britaniya Ukrainaga qiymati 213 million dollarlik 650 ta ko‘p maqsadli raketalar jo‘natadi.

🔹 Kansler inqirozi: nemislarning 84 foizi Shols hukumatini qo‘llab-quvvatlamaydi.

🔹 Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga qarshi turish uchun butun mamlakat bo‘ylab integratsiyalashgan dronga qarshi tizim joylamoqda.

🔹 Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2022 yilning mart oyida o‘sha paytdagi ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan Antaliyadagi uchrashuvi Turkiyaning iltimosiga ko‘ra bo‘lganini aytdi. Kulebaning o‘zi Lavrov bilan 1,5 soat davom etgan suhbat qiyin bo‘lganini, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini, biroq hozircha bu yo‘l yo‘qligini ma’lum qildi.

🔹 Trampning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar hozirgi ma’muriyat davrida yomonlashgan migratsiya inqirozidan aziyat chekmoqda. Shuningdek, Tramp hukumat boshqa davlatlarga, jumladan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritib, dollarni jahon valyutasi sifatida o‘z qo‘llari bilan o‘ldirmoqda, degan fikrda.

🔹 Isroil askarlari G‘arbiy Sohildagi Jenin shahri va uning atrofidagi qochqinlar lagerini qamal qilishni tugatdi.

🔹 Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo sektorida garovga olinganlarni kuch bilan ozod qilishga urinishlari ularning o‘limiga sabab bo‘layotgani aytilmoqda. HAMAS vakili [Ғазода ўт очишни тўхтатиш тўғрисида] kelishuv tuzish o‘rniga harbiy bosim orqali asirlarni ozod qilishga urinishlar garovga olinganlarning tobutda qaytishini anglatadi, deb ma’lum qildi.

🔹 Turkiyalik siyosatchilarning aytishicha, Ukraina hukumati G‘arbdan ruxsat olgan taqdirdagina Rossiya bilan muzokaralarga rozi bo‘ladi. Avvalo AQSh saylovlari natijalarini kutish kerak. Istanbulda muzokara o‘tkazish varianti hozircha imkonsiz.

🔹 Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan keyin Rossiya va BAA taklif qilgan diplomatik yordamdan bosh tortdi. 28 avgustda Durov giyohvand modda tarqatish va bolalar pornografiyasi, o‘z messenjeri orqali jinoiy tarkibga qarshi turmaganlikda ayblangan. Qat’iy sud nazorati ostida 5 million yevro garov evaziga hibsdan chiqqan tadbirkor Fransiya hududini tark etish taqiqlangan.

🔹 Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu professional futbolchilik faoliyatidagi 900-golini urdi. Payshanba kuni 39 yoshli forvard Millatlar ligasi 1-turi doirasida Xorvatiyaga qarshi o‘yinning 34-daqiqasida gol urib, hisobni 2:0 ga keltirdi.

🔹 Sankt-Peterburgdagi mashhur "Kresti" qamoqxonasi 2024 yil oxirigacha kimoshdi savdosiga qo‘yiladi.

🔹 AQSh Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden o‘ziga qarshi qo‘yilgan soliq jinoyatlari bo‘yicha aybini tan oldi.

🔹 JSST iyul oyi oxiridan beri Sudanda vabo epidemiyasi tufayli 120 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kasallanganlar 2700 kishini tashkil etgan.