Xorijdagi mehnat migrantlariga qanday yordam ko‘rsatiladi?

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida murakkab moliyaviy vaziyatga tushib qolgan, yashash uchun mablag‘siz qolgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, o‘tkir yoki og‘ir kasallikka chalingan, vafot etgan, shuningdek mehnat faoliyati vaqtida mayib bo‘lgan yoki og‘ir jarohat olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga zarur xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Bular:
- xorijiy ish beruvchilarda mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish;
- 300 AQSh dollarigacha bo‘lgan summada xostel va sutkalik mehmonxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarni qoplab berish;
- bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari (490 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
- sog‘liqni saqlash muassasalariga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun 1,5 ming AQSh dollarigacha haq to‘lash;
- Vatanga qaytarish uchun avia yoki temir yo‘l chiptalari haqini to‘lash;
- vafot etgan shaxs jasadini urf-odatlarga ko‘ra tayyorlashda 1 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan xizmatlar haqi va O‘zbekistonga olib kelish uchun chipta haqini to‘lash;
- huquqiy himoya qilish maqsadida 3 ming AQSh dollarigacha advokat, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning haqini to‘lash.
Ushbu xizmatlardan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga, uning xorijdagi vakolatxonalariga yoki hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkin.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida masofadan murojaat yo‘llashlari uchun www.birgamiz.com platformasi yaratilgan.
Telefon: (71) 202-33-55 (ichki raqam 55) yoki qisqa raqam 1282.
Yuqoridagi xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari xisobidan amalga oshirladi.
2020 yil davomida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
- 1983 nafar fuqaroga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi;
- yashash uchun turar-joysiz qolgan 175 nafar fuqaroga sutkalik xostel to‘lovlari to‘lab berildi;
- 2 nafar fuqaroga ko‘rsatilgan tibbiy xizmat xarajatlari to‘liq yoki qisman qoplandi;
- 3 nafar bemor fuqaro og‘ir tan jarohati olganligi, mayib bo‘lganligi sababli O‘zbekistonga tibbiy transportirovka qilindi;
- xorijda vafot etgan 617 nafar fuqaroning jasadi (tegishli marosimlar amalga oshirilgan holda) yurtimizga olib kelindi;
- xorijda qiyin ahvolda qolgan 119 nafar fuqaro va Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlarida saqlanayotgan 627 nafar yurtdoshimiz mamlakatimizga qaytarildi.
Abduaziz Hafizov,
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi.