Xosiyat Bobomurodova: "So‘zning qadriga atalgan mukofot"

Taniqli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodovani tanimagan, she’rlaridan bahramand bo‘lmagan kishi kam bo‘lsa kerak. Opa Prezident farmoni bilan “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldi.

Shoira shu yil 30 avgust kuni poytaxtimizdagi "Ko‘ksaroy" qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimida ishtirok etib, Prezidentimiz qo‘lidan ushbu mukofotni oldi.

- Qo‘liga qalam tutgan ayolning hayoti hech qachon silliq kechmagan: u o‘zining murakkabliklari, sinovlariyu dardi va shu dardni qalamga tushirishdek yumushni gardanga yuklaydi, - deydi Xosiyat Bobomurodova. - Taqdir menga mana shunday hayotni nasib etganidan doim shukur qilib kelganman. 

Dard chekkanimda ham, quvonchdan boshim ko‘kka yetguday bo‘lgan paytlarim ham so‘zga suyandim. Qismatimga bitilgan so‘z aytish dardi ba’zan xanjar bo‘lib tanamni yaralasa, ba’zan malham bo‘lib, meni yana oldinga undadi, yashashga chorladi. Shukurki, adabiyotning, so‘zning chin muxlislari hamon ko‘p. Shoirning dard chekib bitgan misralaridan malham topadiganlar bisyor. 

Ayniqsa, keyingi yillarda ma’naviyat targ‘iboti anjumanlarida ishtirok etarkanman, yoshlarning yoniq ko‘zlarini ko‘rib, qalbim taskin topadi. She’r yozayotgan, yozganda ham so‘zidan olov sachrab yozayotgan yoshlar bizning g‘ururimiz. Bu chin ma’noda mustaqillik farzandlarining erkin ruhidan otilib chiqayotgan durdonalardir. Bu qalbi majruh, ezilgan, kelajakka ishonchsiz kimsalar emas, balki keyingi yillarda so‘z aytish imkoni berilgan, fikridan qo‘rqmaydigan yoshlarning erkin ovozidir.

Keyingi yillarda yoshlar bilan ko‘p ishlayapmiz, ular bundan to‘rt-besh yil ilgarigi yoshlarga aslo o‘xshamaydi, intilishlari bo‘lakcha, maqsadlari katta. Shunday yurtda, shunday muhitda ijod qilishdan ortiq baxt bormikan, deb o‘ylab qolaman gohida.

To‘g‘risi, eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz - Mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlanganimni eshitib, shu fikrlar xayolimdan o‘tdi. Bu mukofot men uchun emas, so‘z uchun, adabiyot uchun, so‘zni qadrlaydigan o‘zbekistonlik borki, ularning hammasiga berildi, deb o‘yladim.