“Xovrenko” nomidagi Samarqand vino kombinatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi va IIB JQB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumani Qoziariq mahallasidagi xonadonlardan birida yashovchi Z.U. o‘z uyi omborxonasida qalbaki aksiz markalar bilan yelimlangan 25 000 dona “Vodka Russkaya premium” arog‘i, 9 000 dona “Samarqand” konyagi, 8 760 dona “Portveyn 53” vinosi hamda 468 dona “Stariy Samarkand” konyagini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Ushbu qalbaki aksiz markali mahsulotlarning kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda fuqaro Z.U.ga alkogolli mahsulotlarni “Xovrenko” nomidagi Samarqand vino kombinati AJning direktori o‘rinbosari A.O. yetkazib berganligi ma’lum bo‘lgach, AJning omborxonasi ko‘zdan kechirilganda ushbu omborxonadan qalbaki aksiz markali 8 940 dona “Portveyn 53” vinosi, 5 000 dona qopqoq, 9 000 dona yorliq va 20 150 dona alkogol shisha idishlari mavjudligi aniqlanib, tadbir yakunida jami 631,7 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.