O‘zimizda qazib olingan tabiiy gazni realizatsiyasi uchun aksiz solig‘i 12 foizga pasaytirildi
2025 yil 1 apreldan neft mahsulotlariga (benzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, motor moyi), shuningdek, benzinni, dizel yoqilg‘isini va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Bekzod Soliyevning ma’lumot berishicha, respublikada qazib olingan tabiiy gazni realizatsiya qilishdagi qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkasi 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirilgan holda import qilingan tabiiy gazni iste’molchiga realizatsiya qilishda xuddi shu kabi 12 foizlik aksiz solig‘i stavkasini o‘rnatish nazarda tutilmoqda.
2025 yil 1 apreldan tarkibida shakar mavjud bo‘lgan gazlanmagan salqin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan kompotlarning va boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarning 1 litri uchun ham 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda. Bunda meva-sabzavotlardan tayyorlangan, tabiiy shirin (tarkibida fruktoza, glyukoza bo‘lgan) va qo‘shimcha shakar qo‘shilmagan sharbatlar uchun aksiz solig‘i qo‘llanilmaydi.
Tarkibida shakar mavjud bo‘lmagan, shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan gazlangan ichimliklarning 1 litri uchun aksiz solig‘i stavkasini 500 so‘mdan 300 so‘mgacha pasaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, gazlanmagan xuddi shunday ichimliklarga ham 1 litri uchun 300 so‘m miqdorida aksiz solig‘i stavkasi joriy etilmoqda.