XTV maktablarga yordam faqat ixtiyoriy bo‘lish kerakligini eslatdi
O‘quv yili yakunlanar ekan maktab ma’muriyati tomonidan maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash harakatlari boshlanadi. Yil davomida har kuni yuzlab bolalar kelib ta’lim olgan maskanni yangilab, yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yish juda muhim. Bugun ommaviy axborot vositalaridan maktablarni joriy ta’mirlash masalalariga aslida kim mas’ul degan ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning tegishli Farmon va Qarorlari bilan umumta’lim maktablardagi qurilish ta’mirlash, obodonlashtirish, mavjud muammolarni hal qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorlash, xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni maktabning shakliga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilangan.
Lekin joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini barcha yaxshi biladi. Maktablarda yillar davomida yig‘ilib qogan muammolar borligi, maktab doimiy e’tibor talab qiladigan maskan bo‘lgani sababli ajratilayotgan mahalliy byudjet mablag‘lari ularni hal qilishga har doim ham yetmaydi.
Shu bois maktab ma’muriyati imkoni boricha yordam qila olishi mumkin bo‘lgan ota-onalar va homiylarning yordamini olishga ham harakat qiladi. Biroq maktab ma’muriyatlariga hammaga bir xil yondashib, majburiy pul yig‘ish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligini, maktablarga yordam faqat ixtiyoriy bo‘lish kerakligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Yurtimizda maktablarga yordam mavzusi umummilliy harakatga aylanib ulgurgan va bugun o‘z farzandi tahsil olayotgan maktab sharoitini xolisona yaxshilamoqchi bo‘lgan ota-onalar va homiylar anchagina.
Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi farzandi tahsil olayotgan maktablarga bee’tibor bo‘lmayotgan, maktbalardan xolis yordamini ayamayotgan ota-onalarga, homiylarga va barcha rahbarlarga o‘zining minnatdorchiligini bildiradi.