Samarqandga Farg‘ona vodiysidan o‘qituvchilar jalb qilindi

Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi "Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash hamda "Yangi O‘zbekiston ustozlari" loyihasini hayotga tatbiq etish maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilindi.

Samarqand viloyatining olis hududlaridagi malakali o‘qituvchilarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan maktablarga oliy va birinchi toifali pedagoglarni jalb qilish, bu borada boshqarmaga murojaat qilgan o‘qituvchilar bilan shartnoma imzolash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridan o‘qituvchilar qatnashdi.

Farg‘ona shahridagi 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan yarmarkada xalq ta’limi vazirligi xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Albert Hasanov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva ishtirok etdi va olis hududga borib ishlash istagidagi o‘qituvchilarning savollariga javob berdi.

Yarmarka davomida murojaat qilgan 71 nafar pedagogdan malaka toifasi va salohiyati inobatga olinib, 51 nafari Nurobod, Qo‘shrabot hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlarining olis va "qizil" toifadagi maktablariga shartnoma asosida ishga joylashtirildi.

Ularning 22 nafari oliy toifali, 29 nafari birinchi toifali ingliz tili, ona tili va adabiyot, biologiya va kimyo hamda matematika va fizika fanlari o‘qituvchilaridir.

Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 62 ta olis va ta’lim sifati past maktablarda 269 nafar malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjud. 2021/2022 o‘quv yili oldidan mazkur ehtiyoj SamDU hamda SamDChTIni bitirayotgan talabalar hamda boshqa viloyatlardan kelib ishlayotgan o‘qituvchilar hisobiga qoplanmoqda.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda viloyat maktablarida 30 nafar pedagog boshqa viloyat va tumanlardan kelib faoliyat olib bormoqda.

Ular belgilangan huquqiy me’yor asosida ustama haqlari bilan ta’minlangan.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.