Nurobodda ta’lim sifati nega past? Maktablar e’tibordan chetda qolgani uchunmi yoki pedagoglarning yetishmayotganidanmi?
Bugun tumanlar miqyosida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi tahlil qilinmoqda. Maktablardagi shart-sharoitlar o‘rganilib, ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘rilyapti. Ta’lim sifati past bo‘lgan tumanlardan biri Nurobod tumanidir. Tumandagi maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi 2018-2019 o‘quv yilida 3,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich 10,6 foizga yetdi. Ammo bu raqam ham quvonarli emas.
Yaqinda viloyat hokimi E.Turdimov tumanda bo‘lib, maktablarning ta’lim sifatini o‘rgandi, pedagoglar bilan uchrashib, taklif va mulohazalarini bildirdi.
Tuman maktablarida ta’lim sifati nega pastligi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rganish maqsadida biz ham ayrim maktablar faoliyati bilan tanishdik. Keling, avval dasht hududda joylashgan maktablardagi shart-sharoit haqida to‘xtalsak.
Tuman markazida joylashgan 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 536 o‘ringa mo‘ljallangan. Bola soni ko‘pligi bois bugun ushbu maktabda 1356 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Maktabda 101 nafar o‘qituvchidan 16 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli.
- O‘rta maxsus ma’lumotga ega o‘qituvchilar pensiya yoshiga 2-3 yil qolgani sababli ishlayapti, - deydi maktab direktori Elbek Hamroyev. – Bizda pedagoglar yetarli. Maktabimiz bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tumanda yuqori o‘rinlarda turadi. Bu yil maktabni 67 nafar o‘quvchi bitirib, ulardan 12 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.
Ushbu maktab tumandagi namunali maktablardan biri bo‘lishiga qaramay, unda fizika fani uchun laboratoriya xonasi yo‘q. Kimyo, biologiya fanlari uchun laboratoriya xonasi bor, ammo berilgan kimyoviy moddalar yetarli emas.
- 2008 yildan buyon laboratoriya mashg‘ulotlari uchun kimyoviy moddalar berilmayotgan edi, faqat o‘tgan yili berildi, - deydi biologiya fani o‘qituvchisi Inobat Yo‘ldosheva. – Biroq laboratoriya uchun organik moddalar kam ajratilgan.
Maktab markazlashgan isitish tizimiga ulangan bo‘lib, qishda sinfxonalar yaxshi isitiladi.
Maktabga laboratoriya uchun kimyoviy moddalar berilmagan
Qilichlar mahallasida joylashgan 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 280 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 499 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. Bu yil 28 nafar bitiruvchidan 8 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Maktabda atigi 11 ta sinfxona mavjud bo‘lib, o‘qituvchilar xonasi, to‘garak xonalari, psixolog xonasi yo‘q. Laboratoriya xonalari mavjud emas, faqat kimyoviy moddalar saqlash uchun ikkita kichik xona bo‘lib, unda maxsus priborlar, asbob-uskunalar bor, xolos.
- Bu yil laboratoriya uchun kimyoviy moddalar berilmadi, - deydi maktab direktori Nafisa Norboboyeva. – Laboratoriya xonalarimiz bo‘lmasa ham, oddiy laboratoriya ishlarini partada bajaramiz.
Maktab direktori oxirgi marta maktabga laboratoriya ishlari uchun qachon kimyoviy moddalar berilganini eslay olmadi.
Bundan tashqari, informatika xonasidagi 15 ta eski “Pentium-1” rusumli kompyuterdan 7 tasi ishlamaydi. Ishlaydiganlari ham internet tarmog‘iga ulanmagan.
Kuz-qish mavsumi uchun maktabga 22 tonna ko‘mir berilgan, maktab ma’muriyati yana 7 tonna ko‘mir so‘rab murojaat qilgan.
Maktabga suv tashib keltirilgan suv bir oyga yaqin hovuzda saqlanadi
Musoqoq qishlog‘ida joylashgan 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 360 o‘rinli bo‘lib, unda 399 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. Bu yil 35 nafar bitiruvchidan atigi 2 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. O‘tgan yili birorta o‘quvchi oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirolmagan.
- Bizda mutaxassis o‘qituvchilar yetishmaydi, shuning uchun ta’lim sifati past, - dedi maktab direktori Ziroat Sadinova. – Masalan, o‘tgan yili ona tili, matematika o‘qituvchilari yetishmasdi. Rus tili o‘qituvchisi markazdan qatnaydi, pensiyaga chiqqan bo‘lsa-da, mutaxassis yo‘qligi uchun yana maktabga qaytardik.
Maktabda fizika, kimyo, biologiya fanlari uchun laboratoriya xonalari mavjud emas. Maktab atrofi obodonlashtirilmagan, ochiq sport maydonining taqirligini ko‘rib, bu yerda bolalar qanday to‘p tepishini o‘ylab qoldik. Yanayam achinarlisi, maktabga bochkada suv tashiladi. Maktab hovlisida maxsus hovuz bo‘lib, keltirilgan suv bir oyga yaqin saqlanadi.
Maktabga 21 tonna ko‘mir berilgan, maktab ma’muriyati tomonidan yana 10 tonna ko‘mir so‘ralgan.
O‘quvchilar Alisher Navoiy kimligini bilmaydi
Yana bir gap. 9-sinf o‘quvchilaridan Alisher Navoiyning g‘azallaridan yod aytishni so‘radik. Afsuski, biror o‘quvchi g‘azal aytib berolmadi. “Alisher Navoiy kim bo‘lgan?” degan savolimizga sinf sardori “Shoh va shoir bo‘lgan” deb javob berdi. “Alisher Navoiy ko‘proq qaysi tilda ijod qilgan?” degan savolimizga “fors-tojik tilida ijod qilgan” degan javob oldik.
Xuddi shunday holat Urgut tumani maktablarida ham kuzatilgandi. Bir sinf o‘quvchidan birortasi buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyning g‘azallarini yoddan aytib berolmagandi. Xo‘sh, nega? Maktablarda navoiyxonlik kechalari, mushoiralar o‘tkazilmaydimi? Alisher Navoiyning hayoti va ijodi o‘rganilmaydimi?
22 nafar o‘qituvchidan 12 nafari oliy ma’lumotli...
Toshquduq qishlog‘ida joylashgan 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ikki binodan iborat bo‘lib, yangi binosi 2016 yilda 160 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan. Ammo maktabda 300 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Shuning uchun eski binodan ham foydalanilar ekan. Eski bino 1989 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan. Uning ichidagi barcha stol-stul, eshik-derazalar eskirib ketgan. Binoning kirish yo‘lagi pol qilinmagan, sement yotqizilgan, xolos.
Bu yil maktabni 27 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ulardan 1 nafari oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirgan.
- Maktabimizda kimyo, fizika, nemis tili, rus tili o‘qituvchisi yo‘q, - deydi direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Suyunov. – Bizda mehnat qiladigan 22 nafar o‘qituvchidan 12 nafari oliy ma’lumotli bo‘lsa, 10 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu maktabda sport zali, to‘garak xonalari yo‘q. Laboratoriya xonasi bor, ammo jihozlari berilmagan. Shuning uchun undan kutubxona sifatida foydalanilyapti. Ushbu maktabga ham suv tashib keltiriladi va 20-30 kungacha hovuzda saqlanadi.
Maktabga 10 tonna ko‘mir berilgan, yana 10 tonna ko‘mir kerak. E’tiborli jihati, maktabning eski binosiga o‘tgan yili tuman hokimligi tomonidan yangi isitish tizimi qurib berilgan. Bino talabga javob bermasa-da, sinfxonalar isiydi.
Tuman maktablariga 2020-2021 yil kuz-qish mavsumi uchun 483 tonna ko‘mir, 494,9 tonna briket olish rejalashtirilgan. Tuman xalq ta’limi bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, rejadagi yoqilg‘i barcha maktablarga to‘liq tarqatilgan. Biroq biz bo‘lgan maktablarda olingan ko‘mir qish mavsumiga yetmasligini va qo‘shimcha yoqilg‘i so‘rab murojaat etganliklarini aytishdi. Savol tug‘iladi, maktablarga ko‘mir tarqatilmasdan oldin, qancha ko‘mirga ehtiyoji borligi hisobga olinmaydimi? Aslida yoqilg‘i ehtiyojidan kelib chiqib, reja qilinishi kerak emasmi? Shuningdek, berilgan ko‘mirning sifati yomon, to‘g‘rirog‘i, tuproq aralashtirilganligi ko‘rinib turibdi.
Suv uchun “zavxoz” pul to‘laydimi?
Eshitishimizcha, maktablarga tashib keltiriladigan suv uchun maktabning xo‘jalik ishlari mudiri pul to‘lar ekan. Ismi sir qolishini istagan “zavxoz” bir bochka suv uchun 40 ming so‘m to‘lashini va u bir oyga yetmasligini aytdi.
Kimyo, informatika, rus va ingliz tili o‘qituvchilari yetishmaydi
Tumanda 76 ta maktab bo‘lib, eng olis maktab tuman markazidan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan. Maktablarda 2498 nafar o‘qituvchi o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya beradi. Ularning 1236 nafari oliy ma’lumotli bo‘lsa, 276 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli va 496 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagoglardir.
- Bizda ta’lim sifatining pastligiga sabab mutaxassislar yetarli emasligida, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Latif Elmurodov. – Masalan, maktablarimizda kimyo, informatika, rus va ingliz tili, musiqa fanlaridan 103 nafar o‘qituvchi yetishmaydi.
Shuningdek, tumandagi 76 maktabdan atigi 12 tasi optik tolali internet tarmog‘iga ulangan.
Bahona emas, imkon topish kerak
O‘rganishlarimizdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, maktablarda boshqa hududdan qatnab ishlashga sharoit yo‘q. Masalan, o‘tgan safar Urgut tumani maktablariga Toyloq tumanidan o‘qituvchilar qatnab ishlashi haqida yozgandik. Nurobod tumanida esa boshqa qishloqdan qatnashga ham sharoit yo‘q. Tumanda ichki yo‘nalishlarda qatnovchi ulovlar juda kam, borlari ham qimmat, oladigan maoshga taksida qatnab ishlab bo‘lmaydi. Ayrim qishloqlardan ertalab tuman markaziga yoki Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlariga qatnovchi avtobuslar qo‘yilgan. Ushbu avtobuslar kunning ikkinchi yarmida shahardan yoki markazdan qishloqqa qaytadi, biroq ertalab markazdan qishloqqacha avtobuslar qatnamaydi. Shuning uchun ham ikki qishloq naridagi o‘qituvchi ham qatnab ishlay olmaydi. Xo‘sh, unda nima qilish kerak?
Boshqa hududdan qatnashning imkoni bo‘lmasa, aynan o‘sha mahalla yoshlaridan oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash choralarini ko‘rish kerak. Buning uchun hozir OTMda maqsadli qabul joriy etilgan. Bu imkoniyatdan foydalanish, o‘quvchilarni kasbga qiziqtirish lozim. Nima bo‘lganda ham xalq ta’limi tizimi rahbarlari muammoning yechimiga bahona emas, imkon topishi kerak.
Yana bir gap. Tuman markazidagi maktab o‘qituvchilariga 75 foiz ustama to‘lanar ekan. Vaholanki, uran qazib olinadigan boshqa hududlardagi maktab o‘qituvchilari bunday imtiyozdan mahrum emish. Ayrim maktab o‘qituvchilari mana shu muammoga ham yechim topilmayotganidan arz qildi.
Shuningdek, maktablarning atrofi obodonlashtirilmagan, gullar, daraxtlar ekilmagan. Faqat tuman markazidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisi ko‘kalamzorlashtirilgan. 32-, 33-maktablarning atrofi taqir yerdan iborat, nomiga ikki-uchta daraxt ekilgan. Buning sababi suv yo‘qligidan bo‘lsa, nega hovlida nomiga ekilgan daraxtlar ko‘karib turibdi? Bizga suv emas, hafsala yo‘qdek tuyuldi.
Tumandagi katta-katta maydonlarning bo‘sh yotishi, yo‘l chetida biror do‘kon, dorixona, qishloq vrachlik punkti kabi aholiga xizmat qiladigan shoxobchalarning yo‘qligi mahalliy aholining qiyin sharoitda kun kechirishini bildirib turibdi. Joylarda loaqal qishloq nomlari yozib qo‘yilmagan.
Chorvachilikka ixtisoslashgan tumanda aholi chorvachilik ortidan zo‘r daromad qilganida, ahvol bunday achinarli bo‘lmasdi. Sharoitdan kelib chiqqan holda tumanda yoshlarni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatadigan biznes maktablar, lalmi yerlardan unumli foyda olishni o‘rgatadigan agrar sohaga oid o‘quv dargohlari ochilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto),
“Zarafshon” muxbirlari.