Prezidentimiz Murojaatnomasi xalq ta’limi sohasining yanada rivojlantirilishini, yoshlarimiz orzu-umidlarining izchil ro‘yobga chiqarilishini anglatdi

Prezidentimizning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasini tinglab, 2021 yilda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadamlar tashlanishiga amin bo‘ldik.

Yurtboshimiz kelgusida bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda avvalo, barcha sohalar taraqqiyotining asosi bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan shior ostida amalga oshiriladigan islohotlar asosini tashkil etishini bildirdi.

Viloyatimizda 1 ta yangi (1680 o‘rinli) maktab qurildi. Bundan tashqari, 51 ta umumta’lim maktablarida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga investitsiya dasturi asosida 128,2 milliard so‘m, shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 65,0 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

2021 yilda viloyatimizda 36 ta maktabda (2 ta yangi qurilish, 19 tasi rekonstruksiya va 18 tasi mukammal ta’mirlanishi) qurilish-rekonstruksiya ishlari rejalashtirilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlariga 174 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi.

Bugungi kunda maktablarimizda 28909 nafar sinf rahbarlari faoliyat olib bormoqda. Albatta, o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni doimiy nazorat qilish hamda ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash zamirida sinf rahbarining mashaqqatli mehnati yotadi. Prezidentimiz ularning mehnatiga munosib baho berib, sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilishini qayd etdi. Moddiy rag‘bat, o‘z navbatida, sinf rahbarlari mas’uliyatini yanada oshiradi.

Viloyatda aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari yil sayin ortib bormoqda. Yurtboshimiz Murojaatnomada “Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz.

Darhaqiqat, Prezidentimiz ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslar asosida Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika va matematika fanlariga ixtisoslashgan maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu maktab-internatda o‘quvchilarning mazkur fanlardan chuqur bilim olishi bilan birga, nazariy bilimlarini amaliy jihatdan puxta egallashlari uchun keng imkoniyat yaratiladi. 2021 yil boshidan  maktabning 120 nafar 7- va 8-sinf o‘quvchilari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, maktab faoliyatini boshlaydi.

2020 yilda Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Samarqand, Toyloq, Bulung‘ur tumanlarida 4 ta matematika faniga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2021 va 2023 yillarda yana 12 ta shunday maktablar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2021 yilda kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashgan 8 ta maktab ish boshlaydi.

Maktablarimizda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yanada kengaytirish va ushbu tizimni rivojlantirish bo‘yicha ham oldimizga ulkan maqsadlarni qo‘yganmiz. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2020 yilda Samarqand shahrida bitta: 9-umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Muassasa 340 million so‘m evaziga zamonaviy AKT uskunalari, o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Yaqin kunlarda ushbu maktabning ochilishi ko‘zda tutilgan. 2021 yilda Jomboy, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarida ham informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari tashkil qilinib, sohaning eng yetuk mutaxassislari jalb qilinadi. Bu borada 2023 yilga qadar aniq manzilli dasturlar yaratilgan.

Bugungi kunda viloyatdagi 435 ta maktablar internet tarmog‘iga ulangan. Yangi yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar ham davom ettiriladi.

Tuman va shaharlarimizda 1580 nafar jismoniy imkoniyati cheklanganligi tufayli uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarimiz bor. Ayni paytga qadar bir qator davlat idoralari bilan hamkorlikda ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha xayrli ishlar olib borilgan.

2021 yilda uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarimiz to‘liq qayta nazoratga olinib, ularning ta’lim olishi, buning uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, biriktirilgan pedagog-xodimlarning mas’uliyatini yanada oshiriladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarimiz Past Darg‘om va Bulung‘ur tumanlarida boshlandi.

2021 yilda maktablarni 50776 nafar o‘quvchi bitirishi kutilmoqda. Ularning 20 foizi oliy ta’lim muassasalariga qamrab olinishini maqsad qilganmiz. Albatta, ushbu yo‘nalishda aniq maqsad va chora-tadbirlar asosida ishlarni amalga oshiryapmiz.

Ma’lumki, viloyatning Urgut, Nurobod, Past Darg‘om tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bir qator mutaxassisliklar bo‘yicha fan o‘qituvchilarining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarimiz bor. Ehtiyoj tufayli boshqa tumanlardan, hatto viloyatlardan kelib o‘quvchilarga dars berayotgan o‘qituvchilarimiz ham bor. Prezidentimiz ushbu masalaning yechimiga ham to‘xtalib, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o‘qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq to‘lanishini ta’kidladi.

 Ushbu jihatlardan davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi nafaqat muammolarimizga yechim, balki xalq ta’limi sohasini yanada rivojlantirishning dasturilamali bo‘ldi.

Oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz aniq. Ularni amalga oshirishda har bir xalq ta’limi xodimi, pedagoglarimizdan halol va kasbimizga sadoqat bilan mehnat qilish talab etiladi. Buning uchun eskicha yondashuv va qarashlardan, an’anaviy usullardan voz kechib, ildam harakat qilamiz.

Zebiniso ShODIYeVA,

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.