Sudlar faoliyati takomillashib, zamonga moslashib boraveradi

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasini tinglagan yoki o‘qigan kishi bunga to‘la ishonch hosil qiladi. Zotan, Prezident o‘z ma’ruzasida sohaga alohida e’tibor qaratdi. Tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalarni aniq belgilab berdi.

Murojaatnomada so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qilingani e’tirof etildi. Aslida buni xalqimiz, keng jamoatchilik ko‘rib, guvohi bo‘lib turibdi.

Jumladan, keyingi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishish imkonini oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi. Bu orqali joylarda yagona sud amaliyoti shakllantirilib, sudlarning tarqoqligi tufayli fuqarolar va tadbirkorlar sarson bo‘lishining oldini olindi.

Tuman (shahar) ma’muriy sudlari o‘rnida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etildi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi. Pirovardida ma’muriy sudlarning muayyan tumandagi mahalliy hokimiyat organlarining turli tazyiqlaridan xoli va mustaqil faoliyat yuritishlari uchun qulay sharoit yaratildi. Bunday sudlar fuqarolar va tadbirkorlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan sud orqali himoyalashga imkon yaratdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “... odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qo‘limiz yetib bormagan masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda”.
Aytish mumkinki, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari biz uchun oliy qadriyat”, degan chaqiriqlari Murojatnomaning qizil chizig‘i bo‘ldi.

Prezidentimiz Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligini qayd etdi. Shu bilan birga, sudlar faoliyatiga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazish, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali amalga oshirilishi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinishi, hokim qarorlari ustidan ma’muriy sudga berilganda eksterritoriallik prinsipi asosida ko‘rilishi shular jumlasidandir.

Albatta, Prezidentimizning odil sudlovni ta’minlash borasidagi bu tashabbuslari inson huquqlarini ta’minlashda muhim qadamlardan, deyish mumkin.

Xulosa ham Murojaatnomaning o‘zida aytildi: “Eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi. Buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshiriladi”.

Faxriddin Qarshiyev,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi raisi,
Furqat Anorov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi sudyasi.