"Taqdirimizni muallim, murabbiy hal qiladi"
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan har bir vazifalar va 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deya nomlanishi O‘zbekistonning kelgusi taqdirini belgilab berdi, desam xato qilmagan bo‘laman.
Insonni inson qilib kamol toptirishda, unga bilim va odamiylik, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizning munosib fuqarosi bo‘lib hayotga kirishi va mustahkam o‘rin olishida o‘qituvchi va murabbiylarning hissasi beqiyos. Shu bois otalarimiz bizga “Ustoz otangday ulug‘” degan maqolni bot-bot takrorlashgan. Ammo keyingi yillarda bu maqolning kuchi yo‘qolgandek edi.
Tan olish kerak, so‘nggi 5-6 yilda o‘qituvchiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Bir paytlar bahorda chopiq, yozda uzum terish, kuzda paxta yig‘ishga jalb qilingan o‘qituvchi sinfxonalarga qaytarildi. Ularni ta’lim bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Murojaatnomada belgilangan vazifalar so‘nggi yillarda ta’lim sohasiga, o‘qituvchilarga berilayotgan e’tiborning mantiqiy davomi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Prezidentimiz Murojaatnomada “O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarur”, deya ta’kidladi. Shuningdek, "Taqdirimizni muallim, murabbiy hal qiladi", dedilar.
Bu ustozlarga berilgan ulkan ishonch va mas’uliyatdir. Shunday ekan, bugun har bir ta’lim sohasi xodimi o‘z ustida erinmay mehnat qilishi, tinimsiz izlanishi, bilim javohirlarini yig‘ib, uni shogirdlariga ulashishi shart.
Saidahmad Usmonov,
Samarqand viloyati hokimining xalq ta’limi masalalari bo‘yicha maslahatchisi.